Qozog‘iston nefti keskin arzonlab, rekord chegirmaga tushdi

Qozog‘istonning Kaspiy quvur konsorsiumi (KQK) orqali eksport qilinayotgan CPC Blend navli nefti jahon bozorlarida bir barreliga 5 dollargacha chegirma bilan sotilmoqda. Bu holat 2022 yil oxiridan buyon kuzatilgan eng salbiy ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, arzonlashgan narxlar CPC Blend neftiga bo‘lgan qiziqishni oshirgan va qisqa muddat ichida talab tiklangan. Shu bois past narxlar uzoq vaqt saqlanib qolmagan.
Narx pasayishiga asosiy sabab sifatida Qozog‘iston neftining yirik xaridorlari yetkazib berishdagi uzilishlardan xavotirlanib, vaqtincha boshqa neft navlariga o‘tib ketgani qayd etilmoqda.
So‘nggi oylarda Qozog‘iston neftini KQK orqali yuborish bir necha bor to‘xtatilgan. Bunga Ukraina dronlari hujumlari, noqulay ob-havo sharoiti, yuklash terminalidagi ta’mirlash ishlari hamda yanvar oyida Tengiz konidagi generator yong‘ini ortidan ishlab chiqarish hajmining qisqarishi sabab bo‘lgan.
«Reuters» ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida Tengiz konidan neft eksporti rejaning atigi 35 foizini tashkil etishi mumkin. Yanvar oyida esa umumiy eksport hajmi rejalashtirilgan ko‘rsatkichning taxminan yarmiga teng bo‘lgan.
Yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli yanvar oyida Kashagan konida qazib olingan neftning bir qismi ilk marta ichki bozorga yo‘naltirildi. Odatda Qozog‘iston neft eksportining qariyb 80 foizi aynan KQK hissasiga to‘g‘ri keladi. Quvurga Tengiz, Kashagan va Karachaganak konlaridan xomashyo yetkazib beriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!