Angliya shoshilinch Ukrainaga yarim milliardlik havo mudofaasi yuboradi

London shoshilinch tarzda Ukrainaga Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan qo‘shimcha 1000 ta raketa va 500 mln funt sterlingdan ortiq qiymatdagi havo mudofaasi vositalarini ajratadi. Bu paket, rasmiy izohga ko‘ra, Rossiyaning energiya infratuzilmasi va turar joylarga qaratilgan zarbalaridan himoyalanishni kuchaytirishga qaratilgan.
Eng katta urg‘u havo himoyasiga qaratilgan: mablag‘ning 150 mln funt qismi PURL doirasida yo‘naltiriladi. Mazkur mexanizm orqali NATO muvofiqlashtirgan holda AQSHdan havo mudofaasiga zarur “interseptor”lar va boshqa yuqori ustuvor vositalar tezkor xarid qilinadi, degan tushuntirish berilgan.
Paketning yana bir “og‘ir qismi” — Belfastda ishlab chiqarilayotgan yengil ko‘p maqsadli LMM raketalari. Resmiy ma’lumotda aynan shu 1000 ta LMM yetkazib berishga 390 mln funt sarflanishi aytilgan. Ya’ni bu yerda gap “birorta ramziy yordam” haqida emas, osmonni yopishga qaratilgan katta partiya haqida ketyapti.
Bundan tashqari, yaqin oylarda Buyuk Britaniya Air Defence Consortium orqali Kiyevga qo‘shimcha 1200 ta havo mudofaasi raketasi va 200 000 ta artilleriya o‘q-dorisi ham yetkazib berishini bildirgan. Demak, paket “bugungi kun uchun” ham, “ertangi tempni ushlab turish uchun” ham hisoblab chiqilgan.
Shu xabar fonida 12 fevral kuni Bryusselda, NATO shtab-kvartirasida Ukraina mudofaasi bo‘yicha aloqa guruhining 33-yig‘ilishi o‘tkazilgani aytiladi. Unga Buyuk Britaniya tomonidan Jon Xili hamraislik qilgan, Germaniya tomonidan esa Boris Pistorius ishtirok etgan. Yig‘ilishda Ukraina mudofaa vaziri Mixail Fedorov, NATO bosh kotibi Mark Ryutte hamda Avstraliya bosh vaziri o‘rinbosari Richard Marlz qatnashgani ham qayd etilgan.
Muhokamalar 2026 yil uchun Ukrainaning asosiy harbiy ehtiyojlari, frontdagi vaziyat, kelgusi yetkazib berishlar va “qaysi joyda bo‘shliq bor” degan savol atrofida aylangan. Ya’ni masala faqat “qancha yubordik” emas — “nimani, qachon va qay tarzda” degan rejalashtirish.
Bu yerda PURL alohida ahamiyat kasb etyapti: Reuters'ning yozishicha, yaqindagi uchrashuvlar oldidan Mettyu Uitaker ham a’zo davlatlar ushbu tashabbus doirasida yangi majburiyatlar olishini kutganini aytgan, NATO esa dasturga turli davlatlardan yuzlab million dollar miqyosida qo‘shimcha va’dalar borligini bildirgan.
Xulosa oddiy: qishning qattiq paytida energetika obyektlari va shaharlarga bosim kuchayganda, havo mudofaasi “luks” emas — tirik qolish infratuzilmasi. Shuning uchun London chiqargan paket ham, Bryusseldagi uchrashuv ham bitta narsani ko‘rsatyapti: ittifoqchilar yordamni “oddiy siyosiy bayonot” darajasida emas, aniq hisob-kitob va logistika darajasida davom ettirmoqchi. Reuters manbalari qayd etganidek, bu muzokaralarda Yevropaning o‘z xavfsizligi uchun ham yanada faolroq rol olishi masalasi ham kun tartibida turgan.