Sakkiz kun uxlamagan erkak ruhiy shifoxonaga yotqizildi

Londonlik erkak sakkiz kecha-kunduz davomida mijja qoqmay ishlashi oqibatida o‘tkir psixoz holatiga tushib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi.
Hozirda 32 yoshni qarshi olgan Tommi Greyvsning aytishicha, bu voqea ikki yil avval sodir bo‘lgan. O‘shanda u boshpanasiz qolganlarga yordam beruvchi xayriya tashkiloti uchun mablag‘ yig‘ish loyihasi bilan band bo‘lib, ishga haddan tashqari berilib ketgan va dam olishni deyarli unutgan.
Oxir-oqibat, o‘zini idora qila olmay qolgan Greyvsni oilasi shifoxonaga yuborishga majbur bo‘lgan. O‘sha paytda u o‘ta og‘ir ruhiy holatda bo‘lib, qayerda ekanligini ham, nima qilayotganini ham to‘liq anglamagan. U hattoki kameralar qurshovidagi telestudiyada turganday his qilib, “Oskar” olish ilinjida xodimlar oldida qo‘shiq kuylab, raqsga tushganini aytgan.
Tommi shifoxonada bir oy davomida muolaja olganidan so‘ng uyiga javob berilgan. Keyingi ikki yil davomida u mutaxassislar yordamida to‘g‘ri uyqu rejimiga amal qilish qoidalarini o‘rgangan va hozir kundalik tartibiga, ayniqsa uyqu vaqtiga qat’iy rioya qilib kelmoqda.