Ronaldu Pro2col sog‘liq platformasiga 7,5 million dollar sarmoya kiritdi

Ma’lum qilinishicha, Herbalife rasman e’lon qilgan xabarga ko‘ra, Ronaldu HBL Pro2col Software, LLC (Pro2col texnologiyasiga egalik qiluvchi tuzilma)da 10 foiz ulushni qo‘lga kiritgan. Buning uchun u 7,5 million dollar sarmoya kiritgan, shuningdek, loyihaga xizmatlar va homiylik huquqlarini ham qo‘shib berishga majburiyat olgan.
Pro2col’ning asosiy g‘oyasi oddiy: har kimga “bitta standart” emas, balki shaxsiy salomatlik rejasi. Platforma foydalanuvchining kundalik odatlari va ovqatlanish ma’lumotlariga tayanib, individual wellness-reja tuzadi, “aqlli” treking orqali uning bajarilishini kuzatadi. Yana bir muhim jihat — Pro2Score deb atalgan maxsus baholash tizimi orqali insonning umumiy holati bo‘yicha natijalarni tushunarli qilib beradi.
Ronalduning o‘zi ham bu ishni “tabiiy davom” deb atagan: u Herbalife bilan 2013-yildan beri hamkor, endi esa faqat reklamada emas, “ichkaridan” ham qatnashmoqchi. Ya’ni — brend yuzi bo‘libgina qolmay, platforma o‘sishiga ham ta’sir qilish niyati bor.
Yana bir qiziq nyuans: Herbalife Pro2col’ni bosqichma-bosqich beta tarzda ishga tushiryapti. Hozircha xizmatga kirish AQSH, Kanada va Puerto-Rikodagi distribyutorlar hamda mijozlar uchun ochiq. Kompaniya 2026-yilda beta qamrovini boshqa bozorlarga, jumladan, ayrim EMEA hududlariga ham kengaytirishni rejalashtirgan.
Qisqasi, Ronaldu “men bu yerda baxtliman” deganda faqat maydonni emas, texnologiyani ham nazarda tutganga o‘xshaydi: futbolda rekord quvish — odat, endi sog‘lom hayotda ham rekord quvish boshlanyapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!