Meksikada dahshatli narkobaron yo‘q qilindi: Jaliskoda qonli javob bo‘ldi

Meksikadagi eng dahshatli va eng ko‘p qidirilgan jinoiy figuralardan biri hisoblangan Nemesio Osegera Servantes — “El Mencho”ning yo‘q qilingani haqida xabarlar butun mamlakatni larzaga soldi. Maxsus harbiy amaliyot Xalisko shtatida o‘tkazilgani, “El Mencho” esa otishma vaqtida halok bo‘lgani aytilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya Tapalpa hududida — Gvadalaxaradan janub tomon yo‘nalishda amalga oshirilgan. Hukumat va yirik nashrlar bu hudud uzoq vaqtdan beri kartel ta’siri kuchli bo‘lgan nuqtalardan biri ekanini yozmoqda.

Eng ko‘p tilga olinayotgan faktlardan biri — AQSH tomonidan “El Mencho” bo‘yicha 15 million dollar mukofot va’da qilingani. Shuning uchun ham bu operatsiya faqat ichki xavfsizlik emas, xalqaro darajadagi katta voqea sifatida baholanyapti.
Lekin voqeaning ikkinchi, yanada xavotirli qismi shundaki: yetakchisidan ayrilgan Xalisko yangi avlod karteli darhol “javob” kayfiyatiga o‘tgan. Turli hududlarda yo‘llarni to‘sish, avtomashina va yuk mashinalarini yoqib yuborish, qurolli to‘qnashuvlar kabi harakatlar kuchaygani xabar qilinmoqda.

Ayniqsa, shaharlar atrofidagi vaziyat og‘ir: bir qator manbalar Puerto-Valyarta va Gvadalaxarada xavfsizlik choralari keskin kuchaytirilganini, ayrim yo‘nalishlarda harakat cheklanganini, parvozlar bo‘yicha ham uzilishlar kuzatilganini yozmoqda. Shu fon ortidan Xaliskoda “qizil kod” rejimi joriy etilgani ham aytildi.
Shtat gubernatori Pablo Lemus Navarro to‘qnashuvlar bo‘lganini tasdiqlagani, kartelga bog‘liq shaxslar yo‘llarni to‘sish va mashina yoqish orqali kuch tuzilmalarining harakatini qiyinlashtirishga uringani haqida ham xabarlar bor.

Hozircha eng muhim nuqta — bunday zarbadan keyin kartel ichida “kim bosh bo‘ladi” degan kurash boshlanib ketishi mumkin. Ayrim tahlilchilar aynan shu omil zo‘ravonlik to‘lqinini yanada uzaytirib yuborishidan xavotirda.
Shu voqea fonida The New York Times ham “El Mencho”ni mamlakatdagi eng shafqatsiz va xavfli jinoyatchilardan biri sifatida tasvirlab, CJNG‘ning narkotiklar (kokain, metamfetamin, fentanil) oqimidagi rolini eslatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!