Yaponiyada tobutda yotish meditatsiyasi ommalashib bormoqda

Yaponiyada odamlarni hayratga solayotgan noodatiy dam olish usuli tezda trendga aylanmoqda. Endi ayrimlar hayot haqida chuqurroq mulohaza qilish, ruhan yengillashish va o‘zini qayta “yig‘ib olish” uchun… tobut ichida yotib meditatsiya qila boshladi. Bu haqda New York Post xabar berdi.
“Tobutda yotish” deb nomlangan xizmat ilk bor Chiba prefekturasidagi dafn marosimi uyi tomonidan taklif qilingan. Biroq g‘oya odamlar orasida qiziqish uyg‘otgach, tez orada kengayib, boshqa joylarda ham paydo bo‘la boshlagan.
Bu amaliyotning asosiy g‘oyasi — inson o‘limni ramziy ma’noda “his qilib”, hayotga boshqacha nigoh bilan qarashi. Qatnashchilar taxminan 30 daqiqa davomida tobut ichida yotadi: sukut saqlaydi, xotirjam dam oladi, o‘z hayotidagi muhim qarorlar va qadriyatlar haqida o‘yga toladi.
Tokiodagi ayrim markazlar esa bundan ham “yumshoqroq” formatni taklif qilmoqda: meditatsiya uchun maxsus bezatilgan, qulay dizayndagi “yoqimli tobutlar”. Mijoz xohishiga ko‘ra, tobut eshigini ochiq yoki yopiq holatda qoldirishi, sokin musiqa tinglashi, shiftidagi videoni tomosha qilishi yoki umuman to‘liq jimlikda qolishi mumkin.
Mutaxassislar bu tendensiya yaponlarning “kuyo” an’anasi bilan uyg‘unligini ta’kidlaydi. Ushbu marosim va xotira tadbirlari insonga hayotning o‘tkinchi ekanini eslatish, bugunni qadrlashga turtki berishga qaratilgan. Loyiha mualliflari ham bir narsani alohida uqtirgan: maqsad odamni qo‘rqitish emas, aksincha, hayotni chuqurroq anglash va qadrlashga undashdir.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!