Erondagi maktab fojiasi: 175 nafar qurbon uchun kim aybdor?

Foto: WANA
Yaqin Sharqdagi qurolli to‘qnashuvlarning eng qayg‘uli sahifalaridan biri ochildi. Eron janubidagi kichik Minob shaharchasida yuz bergan dahshatli voqea dunyo hamjamiyatini larzaga soldi. Amerika va Isroil harbiy kampaniyasining ilk kunidayoq boshlang‘ich maktabga berilgan zarba yuzlab begunoh bolalarning umriga zomin bo‘ldi. Zamin.uz ushbu fojia va Oq uyning mavhum bayonotlarini tahlil qiladi.
Eron davlat OAVlari va tibbiyot rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, Minob shahridagi «Shajarayi Toyyiba» qizlar maktabiga berilgan havo zarbasi natijasida kamida 175 kishi halok bo‘lgan. Eng achinarlisi, qurbonlarning mutlaq ko‘pchiligi boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridir.
Minobdagi motam: Besh mil uzoqlikdagi qator qabrlar
Seshanba kuni Minob ko‘chalari minglab motamsaro aholi bilan to‘ldi. Shahar chetidagi qabristonda ishchilar tinimsiz ravishda qator qilib qabrlar qazishmoqda. Bu voqea urush boshlangandan beri tinch aholi orasidagi eng yirik va halokatli yo‘qotish sifatida qayd etildi.

Foto: WANA / Minobdagi qabristonda o‘quvchi qizlar uchun qazilayotgan qabrlar
Oq uy va Pentagon: "Biz o‘rganyapmiz"
Oq uy va AQSH Mudofaa vazirligi (Urush vazirligi) ushbu voqea yuzasidan aniq javob berishdan qochmoqda. 4-mart kuni o‘tkazilgan brifinglarda rasmiylarning javoblari bir xil mazmunda bo‘ldi:
- Karolin Levitt (Oq uy so‘zchisi): «Biz bilganimizcha, bu bizning ishimiz emas. Urush vazirligi holatni surishtirmoqda».
- Pit Hegset (Mudofaa vaziri): «Biz hech qachon fuqarolik obyektlarini nishonga olmaymiz. Vaziyatni o‘rganyapmiz».
Jurnalistlarning "Zarba berilganiga to‘rt kun bo‘ldi, nahotki aybdor hali ham noma’lum bo‘lsa?" degan savollariga Pentagon rahbari faqatgina surishtiruv davom etayotganini takrorlash bilan kifoyalandi.
Xalqaro huquq va "Propaganda" ayblovi
YUNESKO ushbu hujumni xalqaro humanitar huquqning qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi va maktablar daxlsizligini eslatib o‘tdi. Biroq Oq uy ma’muriyati buni Eron rejimining "samarali targ‘iboti" deb baholamoqda.
«Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z xalqini va bolalarini qatl qiladigan yovuz Eron rejimidan farqli o‘laroq, tinch aholini nishonga olmaydi», — dedi Karolin Levitt. U jurnalistlarni Eronning propagandasiga uchib qolmaslikka va AQSHga barmoq bilan ishora qilishdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.
Hozirda maktabga kim zarba bergani — AQSH harbiylarimi yoki Isroil kuchlari — rasman tasdiqlanmagan. Ammo 175 nafar qurbonning yaqinlari va butun dunyo hali ham aniq javob kutmoqda.
Sizningcha, zamonaviy razvedka imkoniyatlari yuqori bo‘lgan davrda to‘rt kun ichida zarba beruvchini aniqlab bo‘lmasligi haqiqatga yaqinmi? Yoki bu siyosiy o‘yinning bir qismimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!