Dubayda oziq-ovqat zaxirasi atigi 10 kunga yetadigan qoldi

Yaqin Sharqda davom etayotgan mojaro global savdo oqimlariga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. Heute nashrining yozishicha, logistika sohasidagi yetakchi kompaniyalardan biri bo‘lgan Kühne + Nagel bosh direktori Stefan Pol ma’lumotlariga ko‘ra, global havo yuk tashish bozori hozirda o‘z quvvatining taxminan 18 foizini yo‘qotgan.
Polning ogohlantirishicha, Dubaydagi yangi oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi atigi 10 kunga yetishi mumkin. Ayniqsa, vaziyat meva va sabzavot kabi tez buziladigan mahsulotlar uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Chunki mintaqadagi ko‘plab davlatlar importga ancha kuchli darajada bog‘langan.
Agar mojaro yana uzoq davom etsa, logistika sohasi vakillari fikricha, ta’minot zanjirida jiddiy uzilishlar yuzaga kelishi ehtimoli bor. Nazariy jihatdan Saudiya Arabistoni orqali tashuvni amalga oshirish mumkin. Biroq mavjud imkoniyatlar bitta konteyner kemasi yukini ham to‘liq qoplashga yetarli emas. Oddiy konteyner kemasi 20 mingtagacha konteyner tashiy oladi va bunday hajmni avtomobil transporti orqali qoplashni deyarli imkoni yo‘q.
Yevropada esa hozircha urush ta’siri nisbatan cheklangan. Asosan energiya narxlarining sezilarli darajada qimmatlashi va ta’minot zanjirlarida ayrim uzilishlar kuzatilmoqda. Dubay va boshqa yirik savdo markazlarida esa ayrim do‘konlar yopilgan yoki minimal xodimlar bilan ishlamoqda. Bu holat biznes va turizm sohalariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.