Jahon neft bozorining asosiy dengiz yo'llari tahlili

Jahon neft bozori bir nechta tor dengiz yo'laklariga o'ta qaram bo'lib qolgan. AQSH Energetika axborot boshqarmasi ma'lumotlariga ko'ra, 2025 yilning birinchi yarmida dunyo bo'ylab dengiz orqali tashiladigan neftning asosiy qismi aynan shu strategik nuqtalar orqali o'tgan. Jami 73 million barrelga yaqin xomashyo har kuni ushbu tor yo'laklar orqali jahon bozorlariga yetkazib beriladi. Bu haqda naked-science.ru xabar beradi.
Eng muhim yo'nalish sifatida Malakka bo'g'ozi qayd etilgan. Bu yerda kuniga 23,2 million barrel neft tashiladi, bu jahon dengiz savdosining qariyb 29 foizini tashkil etadi. Mazkur yo'l Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi yirik iqtisodiyotlar uchun hayotiy ahamiyatga ega. Shuningdek, Eron va Ummon o'rtasidagi Hormuz bo'g'ozi ham global energiya xavfsizligi uchun o'ta muhim sanaladi. Ushbu bo'g'oz orqali dunyo neft iste'molining beshdan bir qismi o'tadi va har qanday geosiyosiy keskinlik neft narxlarining keskin o'zgarishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, Suvaysh kanali, Bob al Mandab bo'g'ozi hamda Yevropadagi Daniya va Turkiya bo'g'ozlari ham neft logistikasida katta o'rin tutadi. Rossiya va Kaspiy mintaqasidan eksport qilinadigan neft aynan shu yo'llar orqali jahon bozoriga chiqadi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu strategik nuqtalardagi har qanday blokirovka yoki mojarolar global energetika tizimini izdan chiqarishi va xomashyo narxlarining beqarorlashuviga sabab bo'lishi mumkin.
[media=https://www.googletagmanager.com/ns.html?id=GTM-PFD3FQP] “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!