Prank sababli o‘qituvchi hayotidan ayrildi

AQSHning Jorjiya shtatida sodir bo‘lgan qayg‘uli voqea jamoatchilikni larzaga soldi. Oddiy hazil sifatida boshlangan holat kutilmaganda fojia bilan yakunlanib, bir o‘qituvchining umriga zomin bo‘ldi. BBC keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 40 yoshli Jeyson Xyuz o‘quvchilarining hazili oqibatida halok bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘quvchilar uning uyi hovlisidagi daraxtlarga hojatxona qog‘ozlarini uloqtirib, prank uyushtirgan. Bu holatni ko‘rgan Jeyson Xyuz bolalarni qo‘lga tushirish uchun darhol uyidan chiqqan. Ammo o‘sha paytda yomg‘ir yog‘ib turgani sababli yer sirpanchiq holatda bo‘lgan. O‘qituvchi yiqilib tushgan va aynan shu lahzada voqea eng og‘ir tus olgan.
O‘quvchilar ikki mashinada hududdan chiqib ketishga uringan. Ana shu paytda haydovchilardan biri tasodifan Jeyson Xyuzni bosib ketgan. Shundan so‘ng bu hazil oddiy o‘yin emas, balki og‘ir oqibatlarga olib kelgan voqea sifatida baholanmoqda.
Hozirda avtomashinani boshqargan o‘quvchiga avtohalokat oqibatida inson o‘limiga sabab bo‘lish aybi qo‘yilgan. Shu bilan birga, voqeaga aloqador yana bir necha yoshga xususiy mulkka noqonuniy kirish va atrofni ifloslantirish bo‘yicha ham ayblovlar bildirilgan.
Biroq bu ishda hammani hayratga solgan jihat bor. Marhum o‘qituvchining oilasi mazkur yoshlarga qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinishini istamoqda. Jeyson Xyuz bilan bir maktabda ishlagan rafiqasi Lora Xyuzning aytishicha, uning turmush o‘rtog‘i o‘quvchilarni juda yaxshi ko‘rgan va bu hazilni ham yomon niyat bilan qabul qilmagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Jeyson bolalarning hazilidan xabardor bo‘lgan va hatto ularni “ish ustida” qo‘lga tushirishni qiziqish bilan kutayotgan edi. Fojia yuz bergach, 18 yoshli Jeyden Rayan Uolles hamda yana ikki o‘quvchi tez yordam yetib kelguncha o‘qituvchiga yordam berishga uringan.
Lora Xyuz The New York Times nashriga bergan izohida oila barcha ishtirokchilarga nisbatan qo‘yilgan ayblovlar bekor qilinishini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. U bu qarorni og‘riqli bo‘lsa-da, insoniy nuqtai nazardan tushuntirgan.
“Bu dahshatli fojia. Biz yana bir yoshlar hayoti barbod bo‘lishini istamaymiz. Bu Jeysonning butun umri davomida bolalar kelajagiga sarmoya kiritishdek fidokorona qarashlariga zid bo‘lar edi”, degan u.
Qisqasi, Jorjiyadagi bu voqea bir lahzalik hazil ba’zan qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi. Eng achinarlisi, o‘quvchilarni yaxshi ko‘rgan bir o‘qituvchi aynan shu bolalar bilan bog‘liq tasodifli fojia qurboniga aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!