Qozog‘iston bayrog‘i dunyodagi eng yaxshi davlat bayrog‘i deb topildi

Reddit foydalanuvchilari tashkil qilgan “Dunyo bayroqlari turniri” (“Flags of the World Tournament”) onlayn musobaqasi yakuniga ko‘ra, Qozog‘iston bayrog‘i dunyodagi eng chiroyli davlat bayrog‘i sifatida e’tirof etildi. Bu haqda “Kazinform” xabar tarqatdi.
Musobaqa davomida platforma ishtirokchilari eng olijanob davlat bayrog‘ini tanlash uchun ovoz berishdi. Final bosqichida Qozog‘iston bayrog‘i Kiribati bayrog‘ini ortda qoldirib, birinchi o‘ringa chiqqan. Butan bayrog‘i esa uchinchi pog‘onani egallagan.
“Qozog‘iston g‘olib bo‘ldi! Sizlar ovoz berib, bu bayroqni eng go‘zali deb tanladingiz,” — deb izoh bergan turnir tashkilotchilari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqa “pley-off” tizimida o‘tkazilgan. Har bir bosqichda foydalanuvchilar turli davlat bayroqlarini qiyoslab, g‘olibni ovoz orqali aniqlab borishgan. Turnirda dunyoning ko‘plab davlat bayroqlari ishtirok etgan.
Shuningdek, turnirning kuchli ishtirokchilari qatoriga Seyshel orollari, Buyuk Britaniya, Braziliya, Shri-Lanka, Yamayka va Papua – Yangi Gvineya bayroqlari ham kirib, ular final bosqichlarigacha yetib borgan.