Tramp Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha qat’iy talab qo‘ydi

AQSH prezidenti Donald Tramp Eronga nisbatan keskin bayonot berib, agar Tehron 48 soat ichida Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq ochmasa, mamlakatning energetika infratuzilmasiga jiddiy zarba berilishini ma’lum qildi.
Tramp o‘zining Truth Social platformasida e’lon qilgan bayonotida shunday dedi: “Agar Eron tahdidlardan voz kechib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozini 48 soat ichida to‘liq ochmasa, Amerika Qo‘shma Shtatlari ularning eng yirik elektr stansiyalaridan boshlab barcha muhim obyektlarini nishonga olib, ularni yakson qiladi”.
Ushbu bayonot Grinvich vaqti bilan 21 mart kuni soat 23:44 da e’lon qilingan. Bu esa Eron uchun belgilangan muddat 23 mart kuni shu vaqtga qadar davom etishini anglatadi. Tehron vaqtiga ko‘ra esa bu 24 mart soat 03:14 ga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq ham Tramp shu platforma orqali yanada keskin bayonot berib, AQSH “Eronni xaritadan o‘chirib yuborishi mumkin”ligini ta’kidlagan edi. Bu so‘zlar xalqaro hamjamiyatda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, u AQSH Eronda o‘z maqsadlariga erisha olmagani haqidagi taxminlarni rad etdi. Uning fikricha, Vashington rejalarini hatto kutilgandan ham tezroq amalga oshirgan. “Aksincha, biz uddaladik. Hatto rejadagidan bir necha hafta oldinroq ham. Ularning rahbariyati yo‘q qilindi, floti va harbiy-havo kuchlari amalda mavjud emas. Ularda deyarli himoya qolmadi va ular kelishuvga kelishni xohlashmoqda. Men esa bunga rozi emasman”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Hozirgi vaziyat xalqaro miqyosda jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Mutaxassislar fikricha, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi global neft va gaz tashish yo‘llarining eng muhim nuqtalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli bu hududdagi har qanday keskinlik jahon iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayni paytda kuzatuvchilar tomonlarning keskin bayonotlariga qaramay, diplomatik yechim topilishiga umid bildirmoqda. Chunki harbiy ziddiyatning yanada avj olishi butun mintaqadagi barqarorlikka jiddiy tahdid solishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!