Eronda urib tushirilgan F-15 samolyotining ikkinchi ekipaj a’zosi AQSh kuchlari tomonidan qutqarildi

AQSh maxsus kuchlari Eron ustida urib tushirilgan F-15 jangovar samolyotining ikkinchi ekipaj a’zosini qutqarib oldi. Bu haqda uch nafar AQSh rasmiysiga tayanib Axios nashri xabar berdi.
Ekipaj a’zosi — qurol tizimlari operatori — juma kuni samolyotdan katapulta bilan chiqib ketgach jarohat olgan, ammo yurishga qodir bo‘lgan va bir sutkadan ortiq vaqt davomida tog‘larda qo‘lga tushmasdan yashirinib yurgan, dedi rasmiylardan biri.
Samolyotning urib tushirilishi AQSh harbiylari uchun eng yomon ssenariylardan biri bo‘lgan. Shu bilan birga, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham Eronning janubi-g‘arbida yo‘qolgan amerikalik harbiyni topish uchun harakat qilgan. Har ikki ekipaj a’zosi Eron hududida o‘tkazilgan maxsus operatsiyalar orqali qutqarilgan.
Rasmiylardan birining aytishicha, shanba kungi operatsiya maxsus bo‘linma tomonidan, kuchli havo qo‘llovi ostida amalga oshirilgan. AQSh kuchlari kuchli o‘t ochgan va hozirda barcha harbiylar Eron hududidan chiqib ketgan.
Ikki manbaga ko‘ra, F-15 uchuvchisi va qurol tizimlari operatori juma kuni katapultadan chiqqach aloqa vositalari orqali bir-biri bilan bog‘lana olgan.
Uchuvchi samolyot urib tushirilganidan bir necha soat o‘tib qutqarilgan. Shu operatsiya vaqtida Eron AQShning Blackhawk vertolyotiga zarba bergan, natijada ekipaj a’zolari jarohat olgan, ammo vertolyot parvozni davom ettira olgan.
Qurol tizimlari operatorini topish va qutqarish uchun esa bir sutkadan ko‘proq vaqt ketgan.
Operatorning aniq joylashuvi aniqlanishidan oldin AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi chalg‘ituvchi kampaniya o‘tkazgan. Ular Eron ichida AQSh kuchlari allaqachon uni topgani va yer orqali olib chiqishga urinayotgani haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan.
Shu paytda, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi uni topish uchun “noyob imkoniyatlar”dan foydalangan.
“Bu xuddi pichan ichidan igna izlashdek edi, faqat bu safar u tog‘ yorig‘ida yashiringan jasur amerikalik edi,” dedi rasmiy.
AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi uning aniq joylashuvini Pentagon, AQSh armiyasi va Oq uyga yetkazgan, shundan so‘ng prezident Donald Tramp zudlik bilan qutqaruv operatsiyasini buyurgan.
Ikki nafar AQSh rasmiysiga ko‘ra, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham qutqaruvni to‘xtatish uchun hududga kuchlar yuborgan.
AQSh harbiy-havo kuchlari Eron kuchlarining hududga yetib kelishini oldini olish uchun zarbalar bergan.
Tramp Truth Social tarmog‘ida qutqaruvni tasdiqlab, uni “AQSh tarixidagi eng jasoratli qidiruv va qutqaruv operatsiyalaridan biri” deb atadi.
Uning aytishicha, zobit jarohat olgan, ammo “tezda sog‘ayib ketadi”.
“Bu jasur jangchi dushman ortida, Eronning xavfli tog‘larida yashirinib, dushmanlarimiz tomonidan soat sayin yaqinlashib borilayotgan edi,” — deb yozdi Tramp.
Oq uy rasmiysining aytishicha, Tramp shanba kuni davomida Oval kabinetda bo‘lgan va Pet Hegsetdan doimiy ravishda yangilanishlar olib turgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!