AQSh vositachilari 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bitimi ustida ishlamoqda

AQSh, Eron va bir guruh mintaqaviy vositachilar urushga butunlay chek qo‘yishi mumkin bo‘lgan 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bitimi shartlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda muzokaralardan xabardor bo‘lgan AQSh, Isroil va mintaqadagi to‘rtta manbaga tayanib Axios nashri xabar berdi.
Manbalarning ta’kidlashicha, yaqin 48 soat ichida qisman kelishuvga erishish ehtimoli past. Biroq, ushbu so‘nggi urinish urushning keskin avj olishini to‘xtatishning yagona yo‘lidir. Aks holda, Eronning fuqarolik infratuzilmasiga qarshi keng ko‘lamli zarbalar berilishi va bunga javoban Ko‘rfaz davlatlarining energiya hamda suv inshootlariga hujum qilinishi kutilmoqda.
Trampning Eronga bergan 10 kunlik muhlati dushanba oqshomida tugashi kerak edi. Biroq, yakshanba kuni Tramp ushbu muddatni yana 20 soatga uzaytirdi va Truth Social tarmog‘ida yangi muhlat seshanba kuni soat 20:00 (AQSh sharqiy vaqti bilan) ekanini e’lon qildi.
Tramp yakshanba kuni Axios nashriga bergan intervyusida AQSh Eron bilan "chuqur muzokaralar" olib borayotganini va seshanba kungi muhlat tugaguncha kelishuvga erishish mumkinligini aytdi.
"Imkoniyat bor, lekin agar ular kelishuvga erishmasa, u yerdagi hamma narsani portlatib yuboraman", — dedi u.
Tramp, agar rejim bilan kelishuvga erisha olmasa, Eron tinch aholisi uchun hayotiy muhim bo‘lgan infratuzilmalarni yo‘q qilish bilan tahdid qilgan.
Bunday hujumlar urush jinoyati hisoblanishi mumkin, Eron esa bunga javoban Isroil va Ko‘rfaz davlatlari infratuzilmasiga zarba berish bilan tahdid qilmoqda. Ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eron energiya ob’ektlariga qarshi keng ko‘lamli bombardimon qilish rejasi tayyor turibdi, biroq Trampning muddatni uzaytirishi kelishuv uchun so‘nggi imkoniyat berishni ko‘zda tutadi.
Diplomatik sa’y-harakatlardan xabardor to‘rtta manbaga ko‘ra, muzokaralar Pokiston, Misr va Turkiya vositachiligida, shuningdek, Trampning vakili Stiv Uitkof va Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi o‘rtasidagi matnli xabarlar orqali amalga oshirilmoqda.
AQSh rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati so‘nggi kunlarda Eronga bir necha takliflar bergan, biroq hozircha Eron rasmiylari ularni qabul qilmagan. Manbalar vositachilar tomonlar bilan ikki bosqichli kelishuv shartlarini muhokama qilayotganini aytishdi:
Birinchi bosqich: 45 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish, bu davrda urushni butunlay tugatish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi. Agar qo‘shimcha vaqt kerak bo‘lsa, bu muddat uzaytirilishi mumkin.
Ikkinchi bosqich: Urushni tugatish bo‘yicha yakuniy kelishuv.
Manbalarning fikricha, Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq qayta ochish va Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasi muammosini hal qilish (uni mamlakatdan olib chiqish yoki suyultirish orqali) faqat yakuniy kelishuv natijasida amalga oshishi mumkin.
Hozirda vositachilar Eron Hormuz bo‘g‘ozi va uran zaxiralari bo‘yicha amalga oshirishi mumkin bo‘lgan "ishonchni mustahkamlash choralari" ustida ishlamoqda.
Ushbu ikki masala Eronning muzokaralardagi asosiy "kuzirlari" (ustunliklari) bo‘lib, eronliklar atigi 45 kunlik sulh uchun ulardan butunlay voz kechishga rozi bo‘lmaydi. Vositachilar Eron birinchi bosqichda ushbu masalalar bo‘yicha qisman qadam tashlashi mumkinligini ko‘rib chiqmoqda. Shuningdek, ular Tramp ma’muriyati o‘t ochishni to‘xtatish vaqtincha emasligiga va urush qayta tiklanmasligiga kafolat berishi uchun qanday choralar ko‘rishi mumkinligi ustida ishlamoqda.
Eron rasmiylari vositachilarga G‘azo yoki Livan kabi vaziyatga tushib qolishni istamasliklarini aniq tushuntirishgan — ya’ni, qog‘ozda sulh bo‘lib, amalda AQSh va Isroil xohlagan vaqtda yana hujum qilishi mumkin bo‘lgan holatdan qochishmoqchi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotga ega manbaning aytishicha, vositachilar Eronning AQSh va Isroil zarbalariga beradigan javobi Ko‘rfaz davlatlarining neft va suv inshootlari uchun halokatli bo‘lishidan qattiq xavotirda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!