date

Pit Hegset: AQSH “Eron mudofaa sanoatini to‘liq yo‘q qilish”ni yakunladi

Pit Hegset: AQSH “Eron mudofaa sanoatini to‘liq yo‘q qilish”ni yakunladi

Foto: Kevin Lamarque/REUTERS

Yaqin Sharqdagi keskin vaziyat fonida AQSH rasmiylari Eronga qarshi harbiy amaliyotlar natijalari bo‘yicha muhim bayonotlar bilan chiqish qildi. Mamlakat mudofaa vaziri Pit Hegsetning taʼkidlashicha, urush davomida Amerika qo‘shinlari Eronning raketa ishlab chiqarish infratuzilmasini to‘liq yo‘q qilishga erishgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu operatsiya AQSH harbiy missiyasining markaziy va ustuvor qismi bo‘lgan. «Biz Eron mudofaa sanoatini deyarli butunlay izdan chiqardik. Endi ular raketa ishlab chiqara olmaydi», — deya qatʼiy fikr bildirdi Hegset. Shuningdek, u Eron nafaqat raketa, balki boshqa ilg‘or turdagi qurol-yarog‘larni ishlab chiqarish imkoniyatidan ham mahrum bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Bu orada Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi Den Keyn ham vaziyatga izoh berib, Amerika armiyasi har qanday ssenariyga tayyor ekanini bildirdi. Uning taʼkidlashicha, agar Donald Tramp tomonidan tegishli buyruq berilsa, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv muddati tugashi bilanoq Eronga qarshi zarbalar yana qayta boshlanishi mumkin.

«Aniq aytaman: o‘t ochishni to‘xtatish — bu faqat vaqtinchalik tanaffus. Qurolli kuchlar esa har doimgidek jangovar shay holatda turibdi», — dedi Keyn. Bu esa mintaqadagi vaziyat hali barqaror emasligini va har qanday paytda yana keskinlashishi mumkinligini anglatadi.

Hegset ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlab, Amerika qo‘shinlari doimiy ravishda yuqori tayyorgarlikda turganini bildirdi. Uning aytishicha, AQSH harbiylari vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va Eronning o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qanchalik amal qilayotganini tahlil qilib bormoqda. «Biz hech qayerga ketmaymiz. Har qanday vaziyatda harakat qilishga tayyormiz», — dedi u.

Avvalroq, 7 aprel kuni Donald Tramp AQSH barcha harbiy maqsadlariga erishganini maʼlum qilib, ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv eʼlon qilinganini bildirgan edi. Uning taʼkidlashicha, bu kelishuvga ko‘ra, Eron strategik jihatdan muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kema harakati uchun ochishga rozilik bergan.

Biroq Tehron bu vaziyatni boshqacha baholamoqda. Eron rasmiylari sulhni o‘z g‘alabasi sifatida ko‘rsatib, Vashington mamlakatning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini amalda tan olganini taʼkidlamoqda.

Eslatib o‘tish joiz, ushbu urush 28 fevral kuni AQSH va Isroil tomonidan Eronga berilgan kuchli zarbalar bilan boshlangan edi. Bu hujumlar oqibatida oliy rahbar Ali Xominaiy hamda rejimning o‘nlab yuqori lavozimli vakillari halok bo‘lgani xabar qilingan. Javob tariqasida Tehron Isroil, Fors ko‘rfazi davlatlari va mintaqadagi Amerika obyektlariga raketa va dronlar orqali zarbalar bergan.

Qisqasi, hozircha o‘t ochish to‘xtatilgan bo‘lsa-da, vaziyat hali ham “pauza” rejimida. Yaʼni bu o‘yin tugamagan — faqat bir taym tugadi, xolos. Keyingi bosqich qanday bo‘lishi esa siyosiy qarorlar va harbiy harakatlarga bog‘liq.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Pit Hegset: AQSH “Eron mudofaa sanoatini to‘liq yo‘q qilish”ni yakunladi