Si Szinpin Tayvan mustaqilligiga qarshi qat’iy pozitsiyasini bildirdi

Xitoy rahbari Si Szinpin Tayvan bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qat’iy pozitsiyasini yana bir bor bildirib o‘tdi. U Tayvan muxolifati yetakchisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida orolning mustaqillikka intilishi mintaqadagi barqarorlikka jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidladi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bo‘g‘ozning ikki tomonida yashovchi insonlar aslida yagona millat vakillari hisoblanadi. Ular umumiy tarix, madaniyat va qadriyatlarga ega bo‘lib, bir oiladek hamjihat yashashi lozim.
“Bo‘g‘ozning har ikki tomonidagi vatandoshlar – barchasi xitoyliklardir. Biz tinchlik, taraqqiyot va hamkorlikni xohlaydigan bir oilamiz. Oila ahil bo‘lsa, hamma jabha gullab-yashnaydi. Tayvan mustaqilligi bo‘g‘ozdagi tinchlikka rahna solayotgan asosiy aybdordir — biz bunga aslo toqat qilmaymiz va ko‘z yummaymiz”, — deya qat’iy fikr bildirdi Xitoy yetakchisi.
Rasmiy Pekin uzoq yillardan buyon Tayvanni o‘z hududining ajralmas qismi sifatida ko‘rib keladi va uning mustaqilligiga qaratilgan har qanday urinishni keskin rad etadi. Shu bois mazkur masala atrofidagi keskinlik hali-hanuz xalqaro hamjamiyat e’tibor markazida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!