Belarus chegarada faollashdi, yangi keskinlik ehtimoli ortmoqda

Yaqin kunlarda Sharqiy Yevropa mintaqasidagi vaziyat yana-da taranglashmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy maʼlum qilishicha, razvedka axborotlariga ko‘ra, Belarus Ukraina bilan chegara hududlarida infratuzilma qurilishi va artilleriya pozitsiyalarini jihozlash ishlarini boshlagan.
Zelenskiyning taʼkidlashicha, bu harakatlar ortida Rossiyaning yana Belarusni urush jarayoniga jalb etishga bo‘lgan urinishlari turibdi. U o‘zining Telegram orqali bergan bayonotida, Moskva bu orqali harbiy kuchlarini qayta guruhlashtirish va shaxsiy tarkib yetishmovchiligini qoplashga intilmoqda, degan fikrni ilgari surdi.
«Biz Rossiya yana bir bor Belarusni o‘z urushiga tortishga urinmoqda, deb hisoblaymiz», — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.
Ukraina rahbari shuningdek, diplomatik kanallar orqali Belarus hukumatiga aniq signal yuborilganini bildirdi. Unga ko‘ra, Ukraina o‘z hududi va mustaqilligini himoya qilishga to‘liq tayyor va har qanday tahdidga javob qaytarish imkoniyatiga ega.
Zelenskiy bu vaziyatni xalqaro kontekstda ham baholab, Nikolas Maduro bilan bog‘liq so‘nggi voqealarni misol keltirdi. Uning fikricha, bu kabi holatlar boshqa davlatlar uchun ham ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak.
«Venesueladagi so‘nggi voqealarning xususiyati va oqibatlari Belarus rahbariyati uchun xatolarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak», — dedi u.
O‘z navbatida, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko ham mamlakat harbiy salohiyatini kuchaytirish borasidagi rejalarini yashirmayapti. U aprel oyi boshida Qurolli kuchlarni tekshirish yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakat har qanday ehtimoliy mojaroga tayyorgarlik ko‘rayotganini ochiq aytdi.
“Agar bizga qarshi kuch ishlatilsa, biz ham munosib javob beramiz. Shuning uchun hozirdan tayyorgarlik ko‘ryapmiz”, — degan Lukashenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy urush holatida Belarus armiyasi sonini 500 ming nafargacha yetkazish imkoniyati mavjud.
Belarus tomoni bu harakatlarni geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi va chegaralar yaqinidagi tahdidlar bilan izohlamoqda. Shu bilan birga, Lukashenko avvalroq Belarusga qarshi ehtimoliy hujum “uchinchi jahon urushiga kirish nuqtasi” bo‘lishi mumkinligini ham taʼkidlagan edi.
Ayni paytda mintaqadagi vaziyat noaniqligicha qolmoqda. Ekspertlar fikricha, tomonlar o‘rtasidagi ishonch inqirozi va harbiy faollikning oshishi yangi keskinlik bosqichiga olib kelishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!