AQSH NATOda “qora ro‘yxat” tuzdi: ittifoqchilar jazolanadimi?

AQSH NATOda “qora ro‘yxat” tuzdi: ittifoqchilar jazolanadimi?
Qisqacha

AQSh ma'muriyati Eron bilan mojaroda Vashingtonni qo'llab-quvvatlamagan NATO davlatlarining maxsus "qora ro'yxati"ni shakllantirdi. Mazkur hujjatga ko'ra, o'z majburiyatlarini to'liq bajarmagan ittifoqchilarga nisbatan moliyalashtirishni qisqartirish, harbiy kontingentni kamaytirish va qurol savdosini cheklash kabi choralar ko'rilishi mumkin. Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus alyans ichidagi birlikka putur yetkazishi va transatlantik munosabatlarda yangi keskinliklarni keltirib chiqarishi taxmin qilinmoqda.

AQSH ma’muriyati Eron bilan mojaroda Vashingtonni qo‘llab-quvvatlamagan NATO davlatlari ro‘yxatini tuzib, ularga nisbatan choralar ko‘rish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Politico nashri manbalarga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Oq uy “yaxshi” va “yomon” ittifoqchilarni ajratib ko‘rsatadigan maxsus hujjat tayyorlagan. Unda NATO a’zolarining tashkilot faoliyatiga qo‘shgan hissasi tahlil qilinib, ular turli darajalarga ajratilgan. Ushbu hujjat alyans bosh kotibi Mark Rutteyning 8–12 aprel kunlari Vashingtonga tashrifi arafasida ishlab chiqilgan.

Manbalarning bildirishicha, hujjat tafsilotlari oshkor etilmayapti, biroq ehtimoliy choralar qatorida NATOni moliyalashtirishni qisqartirish, Yevropadagi AQSH harbiy kontingentini kamaytirish yoki qayta joylashtirish kabi variantlar ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatish, qurol savdosini qisqartirish kabi choralar ham muhokama qilinayotgani aytilmoqda.

Bu tashabbus ilk bor 2025 yil dekabrida AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset tomonidan tilga olingan. Unga ko‘ra, faol va sodiq ittifoqchilar imtiyozlarga ega bo‘lsa, majburiyatlarini bajarmagan davlatlar salbiy oqibatlarga duch keladi.

AQSH prezidenti Donald Tramp esa avvalroq NATO doirasidagi siyosatni “jiddiy qayta ko‘rib chiqish” niyatini bildirgan. U ayrim ittifoqchilarning Eron bilan bog‘liq vaziyatda AQSHni qo‘llab-quvvatlamaganidan norozi ekanini ochiq aytgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi paytlarda AQSH va NATO o‘rtasidagi kelishmovchiliklar kuchayib bormoqda. Xususan, Grenlandiya masalasi va Yevropa davlatlarining harbiy yordam bo‘yicha pozitsiyasi Vashingtonning keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Hatto Tramp ayrim uchrashuvlarda AQSH NATOdagi rolini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ham ta’kidlagan.

Mutaxassislar fikricha, bunday “qora ro‘yxat”ning paydo bo‘lishi alyans ichidagi birlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatishi va transatlantik munosabatlarda yangi keskinliklarga olib kelishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Charos
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar