date

Putin Zelenskiy bilan uchrashuv shartlarini ma’lum qildi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina masalasini hal etish bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishilganidan keyin Volodimir Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazishga qarshi emasligini bildirdi. U 9 may kuni Moskvada o‘tkazilgan G‘alaba paradidan bir necha soat o‘tib jurnalistlar qarshisiga chiqib, Ukraina mojarosi, ehtimoliy muzokaralar va yakuniy bitim haqidagi savollarga javob qaytardi.

Putinning ta’kidlashicha, agar Zelenskiy u bilan shaxsan uchrashishni xohlasa, Rossiya bunday muloqotdan hech qachon bosh tortmagan. U hatto “kim istasa, Moskvaga kelishi mumkin”, degan mazmunda fikr bildirgan. Shu bilan birga, Rossiya rahbari uchrashuv boshqa davlat hududida o‘tkazilishiga ham qarshi emasligini aytgan.

Biroq Putin bunday uchrashuv oddiy muzokara uchun emas, balki allaqachon tayyorlangan va kelishilgan hujjatni imzolash uchun bo‘lishi kerakligini urg‘uladi. Uning fikricha, davlat rahbarlari darajasidagi muloqot yakuniy nuqta vazifasini bajarishi lozim.

“Bu uchrashuv yakuniy nuqta bo‘lishi lozim. Chunki biz muzokaralar nimaligini bilamiz. Men buni shaxsan Minskdagi muzokaralarda bilib olganman. Soatlab, kechasi-yu kunduzi tinimsiz gaplashasan, lekin foydasi bo‘lmaydi”, — dedi Rossiya prezidenti.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, avval mutaxassislar, diplomatlar va ishchi guruhlar har ikki tomon uchun tushunarli va qabul qilinishi mumkin bo‘lgan hujjatlar ustida ishlashi kerak. Faqat shundan keyingina yetakchilar istalgan joyda uchrashib, bitimni imzolashi yoki imzolash jarayonida ishtirok etishi mumkin.

Rossiya rahbari brifing davomida Ukrainadagi mojaro yakuniga yaqinlashayotganini ham aytgan. U bu jarayon jiddiy va murakkabligicha qolayotganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, vaziyat ma’lum bir bosqichga kelib qolganini bildirgan.

Putin 2022 yilda Istanbulda Rossiya va Ukraina o‘rtasida kelishuvga yaqinlashilganini ham esga oldi. Uning aytishicha, o‘sha vaqtda tomonlar muayyan hujjatlar bo‘yicha kelishuvga erishgan, ammo keyin vaziyat o‘zgargan. Rossiya rahbari Fransiya prezidenti Emmanuel Makron unga qo‘ng‘iroq qilib, Ukraina bunday tarixiy hujjatlarni “chakkasiga to‘pponcha tiralgan holda” imzolay olmasligini aytganini ta’kidladi.

Putinning ma’lum qilishicha, o‘sha kelishuvga ko‘ra, Rossiya o‘z qo‘shinlarini Kiyev atrofidan olib chiqib ketishi kerak bo‘lgan va Moskva bunga rozi bo‘lgan. Ammo keyin Buyuk Britaniyaning o‘sha vaqtdagi bosh vaziri Boris Jonson Rossiya bilan bu kelishuvni imzolash mumkin emasligini, chunki u adolatsiz ekanini aytgan.

Rossiya prezidenti bu holatni sharhlar ekan, agar Ukraina tomoni vakili hujjatlarni ma’qullagan bo‘lsa, uning adolatli yoki adolatsiz ekanini kim belgilashi kerak, degan savolni o‘rtaga tashladi. U G‘arb siyosatchilari aralashuvi natijasida qarama-qarshilik yanada kuchayganini iddao qildi.

“Ukraina tomoni vakili bu hujjatlarni ma’qullagan bo‘lsa, uning adolatli yoki adolatsiz ekanini kim belgilaydi? Bu yerda adolatsizlik nimada, buni kim hal qiladi?” — dedi Putin.

Uning fikricha, Ukrainaga yordam va’da qilinganidan keyin Rossiya bilan qarama-qarshilik yanada avj olgan. Putin bu jarayon hali ham davom etayotganini, biroq ish yakuniga yaqinlashib qolganini aytdi.

Hozircha Zelenskiy va Putin o‘rtasida ehtimoliy uchrashuv qachon va qayerda bo‘lishi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ammo Rossiya rahbarining bayonoti shuni ko‘rsatmoqdaki, Moskva bunday muloqotni faqat yakuniy kelishuv tayyor bo‘lganidan keyin ma’qul ko‘radi.

Ukraina mojarosi atrofidagi vaziyat esa hamon murakkabligicha qolmoqda. Tomonlar o‘rtasidagi har qanday diplomatik signal xalqaro maydonda katta e’tibor bilan kuzatilmoqda. Chunki bu urushning taqdiri nafaqat Rossiya va Ukraina, balki butun Yevropa xavfsizligi va global siyosiy muvozanatga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Putin Zelenskiy bilan uchrashuv shartlarini ma’lum qildi