Yaponiyalik ishsiz erkak ikki yilda mingta bepul taom yeb oldi

Yaponiyalik ishsiz erkak ikki yilda mingta bepul taom yeb oldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Yaponiyada 38 yoshli ishsiz erkak, Takuya Xigasimoto, Demae-can ilovasidagi kamchilikdan foydalanib, ikki yil davomida mingdan ortiq taomni pul to‘lamasdan olganlikda gumonlanib hibsga olindi.
  • U 124 ta soxta akkaunt ochib, buyurtmalarni bekor qilish va pulni qaytarib olish tizimidan foydalangan holda, kompaniyaga 3,7 million iyendan ortiq zarar yetkazgan.

Yaponiyada 38 yoshli ishsiz erkak ovqat yetkazib berish ilovasidagi kamchilikdan foydalanib, ikki yil davomida mingdan ortiq taomni pul to‘lamasdan olganlikda gumonlanib hibsga olindi. U buyurtmalarni bekor qilish va pulni qaytarib olish tizimidan foydalanib, kompaniyaga 3,7 million iyendan ortiq, ya’ni taxminan 24 ming dollar zarar yetkazgan.

Aytishiga ko‘ra, Ayti prefekturasining Nagoya shahrida yashovchi Takuya Xigasimoto Yaponiyadagi yirik ovqat yetkazib berish platformalaridan biri — Demae-can ilovasidagi imkoniyatlardan ikki yildan ortiq vaqt davomida foydalangan. Uning firibgarligi osonlikcha aniqlanmasligi uchun bir nechta usul qo‘llangan.

Tergovchilar ma’lum qilishicha, Xigasimoto ilova orqali jami 124 ta akkaunt ochgan. Ularning ko‘pchiligi soxta ismlar va yolg‘on manzillar orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Erkak odatda akkaunt ochishda oldindan to‘ldiriladigan kartalardan foydalanib, bir necha kundan keyin a’zoligini bekor qilgan. Bu esa platformaga uning harakatlarini aniqlash va firibgarlikni to‘xtatishni qiyinlashtirgan.

Yaponiya ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Xigasimoto Demae-can ilovasida ovqat buyurtma qilib, uni kontaktsiz yetkazib berish usulini tanlagan. Taom manzilga olib kelinganidan keyin esa buyurtmani olmaganini yolg‘ondan bildirib, to‘langan pulni qaytarib olgan.

Masalan, 30 iyul kuni u ilova orqali soxta ism va manzil bilan yangi akkaunt ochgan. Keyin muzqaymoq, bento — tayyor yapon taomlari to‘plami va tovuq steyklari yetkazib berilmaganini aytib, 16 ming iyen, ya’ni taxminan 105 dollar miqdoridagi mablag‘ni qaytarishga erishgan.

«Dastlab bu usulni shunchaki sinab ko‘rgandim. Firibgarligimdan foyda ola boshlagach, to‘xtay olmadim», — deya tan olgan Xigasimoto shu oy boshida qo‘lga olinganidan keyin politsiyaga bergan ko‘rsatmasida.

Bir necha yildan beri ishsiz bo‘lgan erkak shu oy boshida qo‘lga olinib, firibgarlikda rasman ayblandi. Uning ikki yil davomida mingdan ortiq bepul taom olishga erishgani yetkazib berish platformasini ham chora ko‘rishga undadi.

Demae-can kelgusida shunga o‘xshash holatlarning oldini olish maqsadida shubhali va me’yordan tashqari operatsiyalarni aniqlaydigan ogohlantirish tizimini joriy etdi. Yangi tizim g‘ayrioddiy faollikni o‘z vaqtida sezish va platformadagi firibgarliklarni cheklashga qaratilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar