NATO Italiyada yirik yadroviy mashg‘ulotlarni boshladi: Rossiya qanday munosabat bildirdi?

NATO Italiyada yirik yadroviy mashg‘ulotlarni boshladi: Rossiya qanday munosabat bildirdi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • NATO Italiyada har yili o‘tkaziladigan «Steadfast Noon» yadroviy mashg‘ulotlarini boshladi, unda 17 ta davlat ishtirok etmoqda.
  • Mashg‘ulotlarda haqiqiy yadroviy qurollardan foydalanilmaydi va ular oldindan rejalashtirilgan bo‘lib, biron bir davlatga qarshi qaratilmagan.
  • Rossiya ushbu mashg‘ulotlar Yevropadagi harbiy keskinlikni oshirishi va mintaqaviy muvozanatga rahna solishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

Shimoliy Atlantika alyansi (NATO) Italiya hududida yadroviy tiyib turish bo‘yicha o‘zining har yilgi an’anaviy «Steadfast Noon» harbiy mashg‘ulotlarini boshlaydi. Seshanba kuni start olib, bir hafta davom etadigan ushbu manevrlarda odatiy hamda yadroviy qurol tashishga moslashtirilgan ikki tomonlama maqsadli maxsus aviatsiya vositalari sinovdan o‘tkaziladi.

Joriy yildagi mashg‘ulotlar ko‘lami bo‘yicha rekord o‘rnatdi — unda alyansga a’zo 17 ta davlat qatnashmoqda (solishtirish uchun: 2024 yilda 13 ta, 2025 yilda esa 14 ta davlat ishtirok etgan).

Yangi a’zolar, qiruvchi uchoqlar va Fransiyaning boykoti

Harbiy manevrlarda kuchlar va ishtirokchilar quyidagicha taqsimlangan:

  • Shimoliy Yevropaning to‘liq ishtiroki: Alyansning eng yangi a’zolari sanalgan Finlyandiya va Shvetsiya mashg‘ulotlarda qatnashishini tasdiqladi. Shvetsiya shaxsiy tarkibdan tashqari o‘zining mashhur JAS 39 Gripen qiruvchi samolyotini ham yo‘lladi;

  • Yevropa aviatsiyasi safarbarligi: Ruminiya Italiyaga F-16 qiruvchilarini jo‘natdi, Germaniya uchta Tornado uchog‘ini ajratdi, shuningdek, Turkiya va AQSH ham to‘liq parvoz ekipaji hamda texnik mutaxassislari bilan qatnashmoqda;

  • Fransiyaning rad javobi: Parij NATOning yadroviy rejalashtirish guruhiga kirmagani bois bu galgi mashg‘ulotlarda ham ishtirok etishdan bosh tortdi.

Parvoz hududlari va xavfsizlik choralari

Italiyaning Sole 24 ore nashri hamda alyans rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra:

  • Joylashuv: Manevrlar Italiya shimolidagi Aviano va Gedi aviabazalari yaqinida hamda alyans mas’uliyat hududidagi keng havo hududlarida bo‘lib o‘tadi (2023 yildagi shunday mashg‘ulotlarda uchoqlar Italiya, Xorvatiya va O‘rta Yer dengizi uzra parvoz qilgan);

  • Haqiqiy qurol ishlatilmaydi: Italiya Harbiy-havo kuchlari ma’lum qilishicha, mashg‘ulotlar davomida haqiqiy jangovar yadroviy qurollardan foydalanilmaydi;

  • Avvaldan rejalashtirilgan tadbir: Alyans ushbu parvozlar oldindan belgilanganini, dunyodagi joriy siyosiy voqealarga bog‘liq emasligini va biron bir muayyan davlatga qarshi qaratilmaganini alohida qayd etdi.

Moskvaning munosabati va xavotirlari

NATOning ushbu harakatlari Rossiya tomonidan e’tiroz bilan kutib olindi:

  • Taranglikning ortishi: Rossiyaning Belgiyadagi elchixonasi mazkur manevrlar, alyans rasmiylarining «tinchlik maqsadlari» haqidagi bayonotlariga qaramay, Yevropadagi harbiy keskinlikni kamaytirishga yordam bermasligini ma’lum qildi;

  • Yadroviy missiyalar xavfi: Rossiya tomoni Yevropa hududida AQSH taktik yadro quroli joylashtirilishi hamda alyansning birgalikdagi yadroviy amaliyotlari mintaqaviy muvozanatga rahna solayotgani yuzasidan muntazam xavotir bildirib kelmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: o‘tgan yili Niderlandiya, Belgiya, Buyuk Britaniya va Daniya hududlarida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda 70 ga yaqin harbiy samolyot va 2 mingdan ortiq harbiy xizmatchi jalb qilingan edi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar