Germaniyada samolyot uy tomini teshib kirdi, qurbonlar bor

Germaniyaning shimolida 25 iyul kuni sodir bo‘lgan aviahalokat oqibatida kichik samolyot turar joy binosiga qulab tushib, uy tomini teshib kirib ketdi. Hodisa natijasida kamida bir kishi halok bo‘lgan, yana bir kishi esa bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Bu haqda AP News xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha o‘rganilayotgan sabablarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 11:00 larda samolyot pastlay boshlagan va Quyi Saksoniya shtatidagi Ganderkeseye aholi punktida joylashgan xususiy uyning tomiga kelib urilgan.
Politsiya ma’lum qilishicha, samolyot bortida ikki kishi bo‘lgan. Halokat oqibatida ulardan biri vafot etgan. Qutqaruv xizmatlari bedarak yo‘qolgan ikkinchi shaxsni qidirish ishlarini davom ettirmoqda. DPA agentligi xabariga ko‘ra, samolyot qulagan paytda uy ichida hech kim bo‘lmagan. Biroq bino jiddiy shikastlangani va uning qulash xavfi saqlanib qolayotgani aytilmoqda.
Hodisadan so‘ng voqea joyiga tezkor xizmatlar va psixologik yordam ko‘rsatuvchi favqulodda vaziyatlar guruhi jalb qilindi. Shuningdek, halokat sodir bo‘lgan hudud atrofidagi 100 metr radiusda yashovchi aholi xavfsizlik maqsadida evakuatsiya qilindi. Elektr ta’minoti ham ehtiyot chorasi sifatida ushbu ko‘cha bo‘ylab vaqtincha o‘chirildi.






























Izohlar 0
…