Maradonaning «Xudoning qo‘li» va «Asr goli» urilgan to‘p auksionga qo‘yildi (video)

1986 yilgi Jahon chempionatida Argentina va Angliya o‘rtasidagi chorak final uchrashuvida foydalanilgan mashhur Adidas Azteca to‘pi Heritage auksioniga qo‘yildi. Aynan shu to‘p bilan Diyego Maradona avval «Xudoning qo‘li» nomi bilan tarixga kirgan golni urgan, oradan to‘rt daqiqa o‘tib esa bir necha raqibini aldab o‘tib, futbol tarixidagi afsonaviy «Asr goli»ga mualliflik qilgan. Bu haqda “My Seldon” xabar berdi.
Bejiz «Xudoning qo‘li» (La Mano de Dios / Hand of God) iborasi ishlatilmaydi.
1986 yilgi Jahon chempionati chorak finalida Angliyaga qarshi bahsda Maradona qo‘li bilan to‘pni darvozaga yo‘llagan. Hakam bu holatni payqamay, golni hisoblagan. O‘yindan keyin Maradona:
«Gol Maradonaning emas, Xudoning qo‘li bilan urildi», — degan.
Shundan keyin ushbu gol butun dunyoda «Xudoning qo‘li» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan.
Qariyb 40 yil o‘tganiga qaramay, to‘pning qiymati pasaymagan. Auksion savdolari 2,5 million dollardan boshlanadi va tashkilotchilar uni 10 million dollargacha sotishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu to‘p 2022 yilda 2,37 million dollarga sotilgan edi. Agar bu safar kutilgan narxda xaridor topilsa, u Maradonaning o‘sha uchrashuvda kiygan va 9,2 million dollarga sotilgan futbolkasidan ham qimmatroq sport yodgorligiga aylanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Diyego Armando Maradona futbol tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk futbolchilardan biri hisoblanadi. U 1960 yil 30 oktyabrda Buenos-Ayres yaqinida tug‘ilgan, 2020 yil 25 noyabrda esa 60 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.






























Izohlar 0
…