Sobiq vazir Qo‘chqorov AQSHda kuryer bo‘lib ishlayotgani ochiqlandi (video)

Qirg‘izistonning Mehnat va ijtimoiy rivojlanish sohasi bo‘yicha sobiq vaziri Ulug‘bek Qo‘chqorovning AQSHda kuryerlik qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgan videoda aks etgan erkakni foydalanuvchilar va post muallifi Qirg‘iziston Jogorku Keneshining sobiq deputati Ulug‘bek Qo‘chqorov sifatida tilga olmoqda. Kadrlarda uning avtomobil bagajiga turli paketlarni joylashtirayotganini ko‘rish mumkin.
Post mualliflarining ta’kidlashicha, Qo‘chqorov hozirda AQSHda Amazon kompaniyasida kuryer sifatida mehnat qilmoqda.
Mazkur video ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokamalarni keltirib chiqardi. Ko‘plab foydalanuvchilar har qanday halol mehnat qadrli va hurmatga munosib ekanini ta’kidlagan. Ayrimlar esa uning siyosiy faoliyati va davlat boshqaruvidagi faoliyatini esga olgan.
Ochiq manbalardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Qo‘chqorov “Ata-Jurt” partiyasi vakili sifatida V chaqiriq Jogorku Kenesh deputati bo‘lgan. Shuningdek, u 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etgan.
2018 yil oktyabr oyida Qo‘chqorov Qirg‘iziston Mehnat va ijtimoiy rivojlanish vaziri lavozimiga tayinlangan. Keyinchalik, 2020 yilda u “Birdamlik” partiyasidan parlament saylovlarida qatnashish uchun nomzodini ilgari surgan.
2020 yil kuzida mamlakatda yuz bergan siyosiy voqealardan keyin u vazirlik lavozimidan ozod qilingan.
Ayrim nashrlar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, Ulug‘bek Qo‘chqorov keyingi bir necha yildan buyon oilasi bilan Chikago shahrida yashab kelmoqda. Biroq u hozirgi mehnat faoliyati yuzasidan rasmiy izoh bermagan.





























Izohlar 0
…