Saudiya shahzodasi besh yulduzli mehmonxona yuvinish xonasida o‘lik holda topildi

Saudiya Arabistoni qirollik oilasining uzoq qarindoshi, 29 yoshli shahzoda Abdulla bin Fahd bin Abdulla bin Abdulaziz bin Jalaviy Al Saud Londondagi nufuzli "Marriott" mehmonxonasida vafot etgani ma’lum bo‘ldi. “The Telegraph” nashrining xabar berishicha, biroq hodisa tafsilotlari qariyb sakkiz oy davomida oshkor etilmagan.
Sud-tibbiy ekspertizaga ko‘ra, shahzodaning qonida alkogol miqdori me’yordan bir necha baravar yuqori bo‘lgan. Shuningdek, uning organizmida GHB moddasi, nasha, Xanax va boshqa tinchlantiruvchi vositalar izlari aniqlangan. Mutaxassislar aynan ushbu moddalar aralashmasi yurak faoliyatining to‘xtashiga sabab bo‘lganini bildirgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, shahzoda mehmonxonaga bir hafta muddatga joylashgan. Uni xonaning yuvinish qismida hushsiz holatda topishgan, biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Ma’lum bo‘lishicha, u avvalroq alkogol va dori vositalariga qaramlikdan davolanish kursini ham o‘tagan. Tergov davomida qotillik, uchinchi shaxs aralashuvi yoki o‘z joniga qasd qilish alomatlari aniqlanmagan. Rasmiy xulosaga ko‘ra, o‘limga alkogol va bir nechta psixoaktiv moddalarni bir vaqtda iste’mol qilishi oqibatida yuzaga kelgan yurak to‘xtashi sabab bo‘lgan.






























Izohlar 0
…