Asaubayeva: Maoshim uch baravarga qisqartirildi, Prezidentga murojaat qildim (video)

Asaubayeva: Maoshim uch baravarga qisqartirildi, Prezidentga murojaat qildim (video)

Qozog‘istonlik taniqli shaxmatchi, xalqaro grossmeyster va ayollar o‘rtasidagi jahon reytingi peshqadamlaridan biri Bibisora Asaubayeva mamlakat Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga videomurojaat yo‘lladi. Sportchi Sport vazirligi tomonidan uning maoshi uch barobarga qisqartirilganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida xabar bergan.

Shaxmatchining ta’kidlashicha, nufuzli Norway Chess 2026 turnirida g‘olib chiqqan bo‘lsa-da, mazkur musobaqaga tayyorgarlik ishlari o‘z mablag‘lari va ota-onasining ko‘magi hisobidan amalga oshirilgan. Shuningdek, uning jamoasida faoliyat yuritgan tahlilchilar va sekundantlar mehnati uchun hanuzgacha haq to‘lanmagan.

Bibisora Asaubayeva murojaatida mamlakatda shaxmat bo‘yicha jahon chempionlari juda kam ekanini ta’kidlab, sportchilarni qo‘llab-quvvatlash tizimidagi muammolarga e’tibor qaratgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon chempionatidagi g‘alaba uchun Sport vazirligi ajratgan mukofot mablag‘i atigi 2 ming dollardan iborat. Olimpiya o‘yinlari medaldorlari esa 250 ming dollar mukofot oladi.

Shaxmatchi 2023 yildan beri davlat tomonidan berib kelingan maoshi 2025 yilda yangi sport vaziri tayinlanganidan keyin uch baravarga kamaytirilganini ham ma’lum qildi. Shu bilan birga, u Qozog‘iston shaxmat federatsiyasidan hech qachon oylik maosh olmaganini qayd etdi.

Uning aytishicha, joriy yil boshida blis bo‘yicha jahon chempionatida uchinchi oltin medalni qo‘lga kiritib, ayollar o‘rtasidagi Jahon shaxmat toji uchun nomzodlar turniriga yo‘llanma olgan. Biroq muhim musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli mablag‘ ajratilmagani sababli, uning jamoasi masofaviy tarzda ishlashga majbur bo‘lgan.

Asaubayeva davlat tomonidan berilgan qo‘llab-quvvatlash va’dalarining bajarilmagani, shuningdek, turli idoralarga yuborilgan murojaatlari ham javobsiz qolganini ta’kidladi.

Ma’lumot uchun, Bibisora Asaubayeva yaqinda Oslo shahrida bo‘lib o‘tgan nufuzli Norway Chess turnirida muddatidan avval chempionlikni ta’minlab, musobaqa tarixida bunday natijaga erishgan ilk qozog‘istonlik shaxmatchi sifatida tarixga kirgan. Shuningdek, yangilangan FIDE reytingiga ko‘ra, u ayollar o‘rtasida jahon reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar