YouTube o‘smirning ijtimoiy tarmoqqa qaramlik da’vosini hal qildi

Google'ga tegishli YouTube platformasi AQSHning Florida shtatida yashovchi 15 yoshli o‘smir tomonidan kiritilgan ijtimoiy tarmoqqa qaramlik bo‘yicha sud ishini kelishuv orqali yakunladi. Bu esa bolalar o‘rtasidagi ruhiy salomatlik inqirozini kuchaytirishda ayblanayotgan texnologik kompaniyalar uchun navbatdagi huquqiy bosim sifatida baholanmoqda.
Sud hujjatlarida R.K.C. bosh harflari bilan qayd etilgan o‘smir YouTube, Meta, TikTok va Snap platformalarini foydalanuvchilarni o‘ziga qaram qilib qo‘yish uchun maxsus ishlab chiqilgan mexanizmlardan foydalanishda ayblagan. Xususan, cheksiz kontent tasmasi va avtomatik video qo‘yish funksiyalari ortiqcha foydalanishga sabab bo‘lib, unda xavotir, uyqusizlik va boshqa muammolarni keltirib chiqargani ta’kidlangan.
Google esa o‘z bayonotida platformani bolalar uchun xavfsiz va yoshga mos tarzda rivojlantirishga e’tibor qaratib kelayotganini bildirdi. Kompaniya 2015 yilda bolalar uchun maxsus mo‘ljallangan YouTube Kids ilovasini ham ishga tushirganini eslatdi.
Bu ish Kaliforniyadagi mingdan ortiq shunga o‘xshash da’volarning bir qismi hisoblanadi. Avvalroq 20 yoshli qiz Meta va YouTube'ni yosh foydalanuvchilarni qaram qilib qo‘yadigan tizimlar yaratganlikda ayblab, sud orqali 6 million dollarlik tovon pulini qo‘lga kiritgan edi.
Shu bilan birga, Nyu-Meksiko shtatidagi yana bir sud Meta kompaniyasini bolalar xavfsizligi bo‘yicha foydalanuvchilarni chalg‘itgani uchun 375 million dollar to‘lashga majbur qilgan. Hozirda AQSH bo‘ylab ijtimoiy tarmoqlar faoliyati bilan bog‘liq minglab sud ishlari davom etmoqda.






























Izohlar 0
…