Yo‘qolganlar haqqi uchun kurashgan ayol umrbod qamaldi

Pokistonning janubi-g‘arbida joylashgan Balujiston viloyatida majburiy yo‘qolishlar masalasini ko‘tarib kelgan taniqli faol va shifokor Mahrang Baluj hayotidagi eng og‘ir sinovlardan biriga duch keldi. Yillar davomida bedarak ketgan insonlar taqdiri haqida javob talab qilib kelgan faol ayol endi o‘zi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Pokistonning terrorizmga qarshi sudi Mahrang Baluj va yana bir faol Sibg‘atulloh Shohni terrorizm, davlatga qarshi harakatlar va 2024 yilda Gvadar shahridagi namoyish vaqtida harbiy xizmatchining o‘limi bilan bog‘liq ish bo‘yicha aybdor deb topgan. Sud ularga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Ayblanuvchilar esa barcha ayblovlarni rad etib, qaror ustidan shikoyat qilishini bildirgan.
33 yoshli Mahrang Baluj uchun yo‘qolgan insonlar mavzusi oddiy siyosiy masala emas. Uning otasi Abdul G‘affor Langove 2009 yilda bedarak yo‘qolgan, oradan qariyb uch yil o‘tgach esa uning jasadi topilgan. Faolning ta’kidlashicha, otasining o‘limi uning butun hayotiga ta’sir ko‘rsatgan va inson huquqlari uchun kurashishga undagan.

Keyingi yillarda u Balujistonda bedarak ketgan minglab insonlar taqdiriga e’tibor qaratishga harakat qildi. Huquq himoyachilari va faollar ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yigirma yil davomida minglab etnik balujlar izsiz yo‘qolgan. Hukumat esa bu da’volarni rad etib, ayrim shaxslar qurolli guruhlarga qo‘shilgani yoki mamlakatni tark etganini ta’kidlab keladi.
Mahrang Baluj so‘nggi o‘n yil ichida mazkur harakatning eng taniqli yetakchilaridan biriga aylangan. U yuzlab ayollar ishtirokida yurishlar tashkil qilgan, namoyishlarga boshchilik qilgan va inson huquqlari bo‘yicha xalqaro maydonda ham tanilgan. U hatto Nobel tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan va BBC'ning “100 ayol” ro‘yxatidan ham joy olgan.
Faolning oilasi sud jarayoni adolatli o‘tmaganini bildirmoqda. Uning singlisi Nadiya Balujning so‘zlariga ko‘ra, himoya tomoniga yetarli imkoniyat berilmagan va sud shaffof tarzda o‘tkazilmagan.

Hukumat mazkur ish siyosiy emas, balki jinoiy xarakterga ega ekanini ta’kidlamoqda. Biroq Mahrang Balujning tarafdorlari bu qarorni Balujistondagi muxolif fikrlarni bosishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholamoqda.
Qamoqqa olinishidan avval bergan intervyularidan birida Mahrang Baluj ozodlikdan mahrum qilinishi mumkinligini bilganini, ammo bu uni qo‘rqitmasligini aytgan edi. Uning yaqinlari esa faol ayol hozir ham o‘z qarashlaridan voz kechmaganini va kurash davom etishini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…