Sirli tog‘da yuzlab kolonkalar topildi: buning sababi nima?

AQSHning Kaliforniya shtatidagi mashhur Shasta tog‘ida sayr qilgan ona va qizi kutilmagan holatga duch keldi. Ular o‘rmon ichida tarqalayotgan g‘alati va dahshatli tovushlar manbasini qidirar ekan, yuzlab quyosh energiyasida ishlaydigan Bluetooth kolonkalarini aniqladi.
Kerri Enn Snur va uning qizi Jordan ot minib yurgan vaqtda daraxtlar orasidan qichqiriqqa o‘xshash ovozlarni eshitgan. Ular yo‘ldan chiqib, butalar orasiga kirganida yerga o‘rnatilgan kolonkalarni ko‘rib hayratga tushgan.
Tog‘ning yuqori qismida esa bunday qurilmalar yanada ko‘proq ekani ma’lum bo‘lgan. Aksariyat kolonkalardan oq shovqin (white noise) eshitilgan, ayrimlarida esa “najot” haqidagi diniy ma’ruza va takrorlanayotgan iboralar yangragan.
Snurning hisoblashicha, hududda 100–200 tagacha kolonka bo‘lgan. Biroq ular qanday maqsadda o‘rnatilgani hozircha noma’lum.

Ayrimlar bu holatni Shasta tog‘i haqidagi mashhur Lemuriya afsonalari bilan bog‘lamoqda. Rivoyatlarga ko‘ra, tog‘ ostida Telos deb ataluvchi sirli yerosti shahri mavjud bo‘lib, u yerda yo‘qolgan sivilizatsiya avlodlari yashaydi.
Videolar ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik tabiat qo‘ynida shuncha elektron qurilmalarning o‘rnatilganidan hayratda qoldi.
Keyingi tekshiruvda esa kolonkalar davlat hududida emas, balki unga tutash xususiy yer maydonida joylashgani ma’lum bo‘ldi. Ammo ularning aniq maqsadi haligacha ochiqlanmagan.






























Izohlar 0
…