AQSHda rekord jazirama: yuzlab odamlar jabrlandi, FIFA xavotirda

AQSH hududining katta qismida kuzatilayotgan kuchli issiqlik to‘lqini mamlakatdagi yirik ommaviy tadbirlarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jazirama tufayli AQSHning 250 yillik Mustaqillik bayramiga bag‘ishlangan qator tadbirlar rejasi o‘zgartirildi, FIFA Jahon chempionati doirasidagi ba’zi uchrashuvlar taqdiri ham muhokama qilinmoqda.
The Guardian nashrining yozishicha, xalqaro World Weather Attribution tadqiqot guruhi AQSH va Kanadaning ayrim hududlaridagi favqulodda issiq havoni “issiqlik gumbazi” deb ataluvchi yuqori bosimli atmosfera tizimi bilan izohlagan. Mutaxassislar fikricha, global iqlim o‘zgarishi bu kabi ekstremal ob-havo hodisalarining tez-tez takrorlanishiga sabab bo‘lmoqda.
Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Yer atmosferasining o‘rtacha harorati sanoat davridan oldingi darajaga nisbatan 1,4 darajaga oshmaganida, bu darajadagi issiqlik deyarli uchramas edi.
Imperial kolleji tadqiqotchisi Teodor Kipping ta’kidlashicha, bugungi AQSH iqlimi mamlakat mustaqilligi e’lon qilingan davrdagidan mutlaqo farq qiladi. Ayni paytda Vashingtonda o‘tkazilayotgan yubiley tadbirlarida yuqori harorat sabab bir qator o‘zgarishlar kiritilgan. Ma’lum qilinishicha, o‘ndan ortiq ishtirokchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, 11 nafar kishi esa shifoxonaga yotqizilgan.
Kuchli issiq FIFA Jahon chempionati bahslariga ham ta’sir qilishi mumkin. Jumladan, Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tadigan Fransiya – Paragvay uchrashuvi yuqori harorat va namlik sharoitida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Futbolchilar xalqaro uyushmasi esa bunday vaziyatda o‘yinlarni boshqa vaqtga ko‘chirish yoki kechiktirish ehtimoli mavjudligini ma’lum qildi.
Pensilvaniya shtatidagi ommaviy tadbirlardan birida esa 100 nafardan ortiq odam issiqlik ta’siri oqibatida tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan. Shu munosabat bilan hududga qo‘shimcha tez yordam brigadalari va mobil sovutish punktlari jalb etilgan.
Bundan tashqari, mamlakatning yirik temiryo‘l tashuvchisi Amtrak ham yuqori harorat sabab shimoli-sharqiy hududlardagi 20 dan ortiq poyezd reysini bekor qildi va yo‘lovchilarni ehtimoliy kechikishlar haqida ogohlantirdi.
Mutaxassislar global isish ta’siri yil sayin kuchayib borayotganini ta’kidlab, issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish zarurligini yana bir bor eslatmoqda.






























Izohlar 0
…