Qumlar ostida yashiringan Vizantiya shahri Misrda topildi

Qumlar ostida yashiringan Vizantiya shahri Misrda topildi

Misrda arxeologlar mamlakat tarixini yanada chuqurroq ochib beruvchi muhim topilmalarni aniqladi. Mamlakatning g‘arbidagi Liviya sahrosida joylashgan Daxla vohasida Vizantiya imperiyasi davriga mansub IV asr shahrining qoldiqlari topildi. Shuningdek, Aleksandriya yaqinidagi Marina-el-Alameyn hududida 18 ta qadimiy maqbara aniqlangan. Bu haqda Associated Press mamlakat Turizm va qadimiy yodgorliklar vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Daxla vohasida shimol-janub va sharq-g‘arb yo‘nalishida kesishuvchi ko‘chalarga ega qadimiy shahar tarhi aniqlangan. Bosh ko‘chalar atrofida ibodatxona, ikki kuzatuv minorasi, qalin mustahkam devorli mudofaa inshootlari hamda gumbazli turarjoy binolari qoldiqlari topilgan. Arxeologlardan biri diakon (ruhoniy yordamchisi) uyi sifatida baholangan inshoot ibodatxona qurilgunga qadar cherkov vazifasini ham bajarganini ta’kidlamoqda.

Qazishmalar davomida non pishirish pechlari, oshxona anjomlari, mahsulotlarni maydalash uchun ishlatilgan tosh qurollar ham topildi. Shuningdek, Vizantiya imperatorlari tasviri tushirilgan, lotincha yozuvlar va nasroniylik ramzlari aks etgan yaxshi saqlangan bronza tangalar, shuningdek, Rim imperatori Konstansiy II (337–361 yillar) hukmronligi davriga mansub oltin tangalar ham arxeologlar e’tiborini tortdi.

Marina-el-Alameyn hududida esa 18 ta qadimiy maqbara — 11 tasi qoyalarga o‘yilgan, 7 tasi yer ustida qurilgan qabrlar kashf etildi. Bu yerdan sopol idishlar, amforalar, chiroqlar, likoplar, qurbongohlar, ohaktosh kosalar, dafn marosimida marhumlarning og‘ziga qo‘yilgan to‘rtta oltin tanga, ichida skelet qoldiqlari saqlangan 2,5 metrli granit sarkofag hamda gipsdan yasalgan sfinks haykalining parchalari ham topildi.

Mutaxassislar ushbu topilmalar Misr hududida Vizantiya va Rim davridagi hayot, shaharsozlik, diniy an’analar va dafn marosimlarini yanada yaxshiroq o‘rganish imkonini berishini ta’kidlamoqda. Bu kashfiyotlar mamlakatning boy arxeologik merosini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar