Yerni kuchli magnit bo‘roni qamrab oldi: olimlar ogohlantirmoqda

Yerni kuchli magnit bo‘roni qamrab oldi: olimlar ogohlantirmoqda

Yer sayyorasida G3.33 darajasidagi kuchli magnit bo‘roni kuzatilmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu 2026 yil boshidan buyon qayd etilgan ikkinchi eng kuchli geomagnit hodisa bo‘lib, u Quyoshdagi faollikning keskin kuchayishi bilan bog‘liq.

Rossiya Fanlar akademiyasi Koinot tadqiqotlari instituti huzuridagi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi ma’lumotiga ko‘ra, magnit bo‘roni avvalgi prognozlarga nisbatan qariyb bir sutka kechroq boshlangan.

Olimlarning qayd etishicha, Yer magnit maydoni so‘nggi 24 soat davomida Quyoshdan otilgan plazma oqimlari ta’siri ostida bo‘lgan. Ushbu oqimlarning birinchi to‘lqini 3 iyul kuni mahalliy vaqt bilan taxminan soat 16:00 da Yerga yetib kelgan.

Hal qiluvchi o‘zgarish esa 4 iyulga o‘tar kechasi kuzatilgan. Aynan shu vaqtda Quyosh shamolining tezligi keskin oshib, sayyoralararo magnit maydoni yo‘nalishi o‘zgargan. Shuning natijasida G3.33 darajasidagi kuchli geomagnit bo‘ron yuzaga kelgan.

Mutaxassislar eslatishicha, Quyosh chaqnashlari rentgen nurlanishining quvvatiga qarab A, B, C, M va X sinflariga ajratiladi. Ana shunday kuchli geomagnit bo‘ronlar ayrim holatlarda elektr tarmoqlari va aloqa tizimlari ishida uzilishlarni keltirib chiqarishi, qushlar hamda ayrim hayvonlarning migratsiya yo‘nalishlariga ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Shuningdek, bunday geomagnit faollik davrida qutb yog‘dulari kuzatiladigan hududlar kengayishi ham ehtimoldan xoli emas. Olimlar Quyosh faolligini doimiy ravishda kuzatib borayotganini va vaziyat rivojini nazorat qilayotganini ma’lum qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar