Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 3300 nafardan oshdi

Venesuelada 24 iyun kuni sodir bo‘lgan 7,2 va 7,5 magnitudali ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 3 342 nafarga yetdi. Mamlakat Axborot vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 16 700 nafardan oshgan.
Tabiiy ofat o‘nlab binolarning qulab tushishiga sabab bo‘ldi. Eng katta talafot poytaxt Karakas yaqinidagi La-Guayra sohil hududida qayd etilgan. Bu yerda ko‘plab uy-joylar vayron bo‘lgan, minglab odamlar boshpanasiz qolgan.
Zilziladan 11 kun o‘tgan bo‘lsa-da, mahalliy va xalqaro qutqaruv guruhlari vayronalar ostida qolganlarni izlashda davom etmoqda. Rasmiylar qidiruv ishlari yakunlanmagani uchun qurbonlar soni yana ko‘payishi mumkinligini bildirgan.
Muvaqqat prezident Delsi Rodriges mamlakatdagi favqulodda vaziyatga qarshi ko‘rilayotgan choralarni himoya qildi. Uning aytishicha, ofat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga minglab qutqaruvchilar, harbiy xizmatchilar va davlat idoralari xodimlari jalb qilingan. Rodriges mamlakatda ijtimoiy tartibsizliklar kuzatilmayotganini ham ta’kidlagan.
Shu bilan birga, ayrim fuqarolar hukumatning zilziladan keyingi dastlabki harakatlarini tanqid qilmoqda. Xususan, xalqaro qutqaruv guruhlari yetib kelgunga qadar izlash ishlari yetarlicha tez olib borilmagani haqida noroziliklar bildirilgan.
Sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari qurbonlar soni ko‘pligi sabab jasadlarni aniqlash va yaqinlariga topshirish jarayoni qiyin kechayotganini aytgan. Ularning bahosiga ko‘ra, vayronalar ostidagi barcha jasadlarni olib chiqish uchun uch oygacha vaqt ketishi mumkin.
Qidiruv-qutqaruv ishlari hali to‘liq yakunlanmagan. Shu sabab halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar yana yangilanishi ehtimoli bor.































Izohlar 0
…