Misrning ulkan harbiy shtabi rasman ish boshladi

Misrning ulkan harbiy shtabi rasman ish boshladi

Misr poytaxti Qohiradan taxminan 45 kilometr sharqda barpo etilayotgan mamlakatning yangi ma’muriy poytaxtida dunyodagi eng yirik harbiy qo‘mondonlik markazi rasman faoliyatini boshladi. O‘ziga xos sakkiz burchakli arxitektura yechimi tufayli majmua «Oktagon» deb nomlangan. Bu haqda Ahram Online nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Misr Qurolli kuchlarining yangi Strategik qo‘mondonlik shtabi mamlakat harbiy boshqaruv tizimining eng muhim bo‘g‘iniga aylangan. Majmua armiya, davlat vazirliklari va boshqa muassasalar o‘rtasida yagona qo‘mondonlik, boshqaruv, aloqa hamda muvofiqlashtirish markazi vazifasini bajaradi.

«Oktagon» Misr Qurolli kuchlarining turli qo‘shin turlari va strategik bo‘linmalarini ramziy ifodalovchi o‘zaro tutashgan sakkizta asosiy binodan tashkil topgan. Majmua markazida joylashgan bosh qo‘mondonlik binosi harbiy rahbariyat o‘rtasida tezkor ma’lumot almashinuvi va harakatlarni muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Cho‘l o‘rtasida doira shaklida joylashgan sakkiz qirrali binolar majmuasi.

Qariyb 92 kvadrat kilometr maydonni egallagan majmua 13 ta strategik va logistik hududga ajratilgan. U yerosti data-markazlari, bulutli raqamli infratuzilma, zamonaviy sun’iy yo‘ldosh razvedka tizimlari, Big Data tahlili uchun sun’iy intellekt texnologiyalari hamda ilg‘or kiberxavfsizlik vositalari bilan jihozlangan.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, obyekt portlashlar va havo hujumlariga bardosh beradigan muhandislik yechimlari asosida qurilgan. Shuningdek, u avtonom elektr ta’minoti, suv va sovutish tizimlariga ega bo‘lib, favqulodda vaziyatlarda ham uzluksiz faoliyat yuritish imkoniyatini ta’minlaydi.

Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, «Oktagon» arxitekturasi qadimgi Misr ramzlari hamda muvozanat, tartib va aniqlikni anglatuvchi sakkiz burchakli geometriyadan ilhomlangan. Yangi shtab strategik qarorlarni tezkor qabul qilish, inqirozli vaziyatlarni markazlashgan tarzda boshqarish va mamlakatning mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar