Yevropada tabiiy ofat: o‘rmon yong‘inlari kengaymoqda

Yevropada tabiiy ofat: o‘rmon yong‘inlari kengaymoqda

Yevropaning qator davlatlarida avj olgan yirik o‘rmon yong‘inlari minglab gektar yer maydonini qamrab oldi. Ispaniya, Fransiya, Portugaliya va Gretsiyada yuzlab o‘t o‘chiruvchilar, maxsus texnikalar hamda aviatsiya kuchlari alangalarni jilovlash uchun safarbar etilgan. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Fransiyaning janubidagi Pireney-Sharqiy departamentida 4 iyul kuni kechqurun boshlangan yong‘in oqibatida ikki kishi, jumladan bir nafar o‘t o‘chiruvchi hamda mahalliy aholi vakili og‘ir jarohat olgan. Hududdan qariyb 5 ming nafar aholi evakuatsiya qilingan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga 700 nafarga yaqin o‘t o‘chiruvchi, 200 ta maxsus texnika, shuningdek, o‘nlab samolyot va vertolyot jalb qilingan.

Fransiya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, iyul oyi holatiga mamlakatning 41 departamentida o‘rmon yong‘inlari xavfi yuqori deb baholangan. Ulardan yettitasida esa eng yuqori xavf darajasi e’lon qilingan.

Gretsiyaning Saloniki shahri yaqinidagi chiqindilarni qayta ishlash korxonasida chiqqan yong‘in tufayli qalin tutun shahar markazigacha tarqalgan. Rasmiylar aholidan derazalarni yopib, imkoni boricha uyda qolishni so‘ragan. Hodisa sabab uchta aholi punkti va 157 nafar kishi yashaydigan parvarish muassasasi evakuatsiya qilingan. Shu voqea yuzasidan 76 yoshli erkak o‘t qo‘yishda gumon qilinib qo‘lga olingan.

Shuningdek, Afinaning g‘arbiy qismida ham yirik o‘rmon yong‘ini qayd etilgan. Uni o‘chirish ishlariga 210 nafar o‘t o‘chiruvchi, ko‘ngillilar va maxsus aviatsiya jalb etilgan.

Ispaniyaning Jirona provinsiyasida 3 iyuldan buyon davom etayotgan yong‘in qariyb 2,2 ming gektar hududni yondirgan.

Portugaliyaning Vozel munitsipalitetida esa iyul oyida boshlangan yong‘in 12 ming gektardan ortiq maydonga tarqalgan. Uni bartaraf etish uchun 1 200 nafar o‘t o‘chiruvchi, 400 ta maxsus texnika va 15 ta samolyot safarbar etilgan. Shu bilan birga, Ispaniya qo‘shni mamlakatga yordam sifatida 120 nafar o‘t o‘chiruvchi va 45 ta maxsus texnika yuborgan.

Mahalliy ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, Portugaliyadagi asosiy yong‘inlar nazorat ostiga olingan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda alanga o‘choqlari hanuz saqlanib qolmoqda.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yevropaning bir qator davlatlarida kuzatilayotgan bu yirik o‘rmon yong‘inlari iyun oyida qayd etilgan anomal issiq ob-havo bilan bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar