5000 yevrogacha maosh: Italiya shifokorlar uchun tanlov ochdi

O‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar uchun Italiyaning Sardiniya hududida yuqori maoshli ish o‘rinlari taklif etilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, shoshilinch tibbiy yordam shifokorlari (magistratura, ordinatura diplomi yoki mazkur yo‘nalish bo‘yicha sertifikatga ega mutaxassislar) hamda oliy hamshiralik ishi (bakalavr diplomiga ega nomzodlar) uchun bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Har yili mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha 100 nafar mutaxassisni ishga qabul qilish rejalashtirilgan.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar 50 yoshdan oshmagan bo‘lishi talab etiladi. Shu bilan birga, 40 yoshgacha bo‘lgan nomzodlarga ustuvorlik beriladi. Oliy tibbiy ma’lumot (diplom) majburiy hisoblanadi. Ish tajribasi shart emas, ammo tajribali mutaxassislar afzallikka ega bo‘ladi.
Dastlab nomzodlar Italiyaning Peruja universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan italyan tili kurslarida 7 oy davomida onlayn tarzda ta’lim oladi. Mashg‘ulotlar nomzodlarga qulay vaqtda o‘tkaziladi. O‘qish xarajatlari, ya’ni oyiga 600 yevro, to‘liq Migratsiya agentligi tomonidan qoplab beriladi.
Til kursini muvaffaqiyatli yakunlagan mutaxassislar Italiyada 3500 yevrogacha oylik maosh bilan ish boshlaydi. Qo‘shimcha ish soatlari va tungi navbatchilik uchun beriladigan ustamalar hisobidan umumiy daromad 4000–5000 yevrogacha yetishi mumkin.
Ish vaqti haftasiga 38 soat qilib belgilangan. Shuningdek, ish beruvchi turar joy xarajatlarini qoplaydi, tushlik bilan ta’minlaydi va xodimlar uchun tibbiy sug‘urta rasmiylashtiradi.
Nomzodlar belgilangan havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Qo‘shimcha ma’lumotlarni esa 71 202 33 55 (221) raqami orqali olish mumkin.






























Izohlar 0
…