Universitet xodimi ishga tiklanib, unga yarim milliard so‘mdan ortiq zarar to‘lab berildi

Har bir fuqaroning munosib mehnat qilish va o‘z mehnati uchun haq olish huquqi qonun bilan kafolatlangan. Ana shunday holatlardan birida xususiy universitetda faoliyat yuritgan sobiq xodim A.A. o‘z huquqlarini tiklash maqsadida sudga murojaat qildi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining qaroriga asosan, xodimning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, uning foydasiga ishga tiklash o‘rniga qo‘shimcha tovon puli, majburiy progul vaqti uchun ish haqi, foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun kompensatsiya, ma’naviy zarar hamda boshqa to‘lovlarni undirish belgilandi.
Mazkur ijro hujjati Byuroning Shayxontohur tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgach, davlat ijrochilari tomonidan zudlik bilan ijro harakatlari boshlandi. Qarzdorga ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, sud qarori belgilangan muddatda bajarilmadi.
Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan qonunchilikda belgilangan majburiy choralar qo‘llanilib, bank hisob raqamlariga band qo‘yildi hamda boshqa ijro harakatlari amalga oshirildi.
Olib borilgan samarali ijro harakatlari natijasida xususiy universitet tomonidan sobiq xodim A.A. foydasiga jami 575 million so‘mdan ortiq mablag‘ to‘liq undirildi.
Inson qadri va uning mehnat huquqlarini ta’minlash — Byuro organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.































Izohlar 0
…