Nepalda 14 yil fildan qochgan oilani u baribir topib o‘ldirdi

Nepalda 14 yil fildan qochgan oilani u baribir topib o‘ldirdi

Nepalda sodir bo‘lgan dahshatli voqea jamoatchilikni larzaga soldi. Ma’lum bo‘lishicha, yovvoyi fil 14 yil davomida bir oilani ta’qib qilib, uning to‘rt nafar a’zosining o‘limiga sabab bo‘lgan.

The Kathmandu Post nashrining yozishicha, fojia qahramoni Shanichara Bote oilasi ilk marta 2012 yilda musibatga duch kelgan. O‘shanda Chitvan milliy bog‘i atrofida paydo bo‘lgan Durbe laqabli yovvoyi fil uning ota-onasi — Budhiram va Jharali Boteni bosib o‘ldirgan.

Ushbu mudhish hodisadan keyin Shanichara Bote oilasi bilan xavfsiz hududga ko‘chishga qaror qildi. Ular bor-yo‘g‘ini sotib, bir nechta katta daryoni kesib o‘tib, milliy bog‘dan ancha uzoqda joylashgan Jagatpur qishlog‘iga ko‘chib o‘tdi. Ammo bu ham ularni fojiadan asrab qololmadi.

Oradan yillar o‘tib, 4 iyul kuni kechqurun aynan o‘sha fil Shanichara yashaydigan yangi manzilga bostirib kirdi. Hujum oqibatida uning 25 yoshli kelini Ashika Bote hamda 4 yoshli nabirasi Bharat Bote halok bo‘ldi.

Shanichara Bote boshidan kechirgan musibatni eslar ekan, xavfdan qochish uchun barcha choralarni ko‘rganini, ammo taqdir yana o‘sha fil bilan yuzlashtirganini aytdi.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, yosh erkak fillar ma’lum yoshga yetgach, podadan haydaladi va mustaqil hayot kechira boshlaydi. Bu holat ularning tajovuzkorlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Oqibatda ayrim fillar ozuqa izlab aholi yashash hududlariga kirib, insonlar uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Durbe laqabli ushbu fil 2010 yildan beri odamlarga hujum qilib keladi. Shu vaqtgacha u kamida 25 nafar insonning o‘limiga sababchi bo‘lgani qayd etilmoqda.

Mazkur hodisa yovvoyi hayvonlar bilan insonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar muammosi tobora jiddiy tus olayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Mutaxassislar bunday fojialarning oldini olish uchun milliy bog‘lar atrofida xavfsizlik choralarini kuchaytirish zarurligini ta’kidlamoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar