Quyosh yana rekord o‘rnatdi: bir kunda 26 ta kuchli chaqnash

Quyoshda bir kun ichida qayd etilgan chaqnashlar soni bo‘yicha so‘nggi ikki yillik rekord yangilandi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Kosmik tadqiqotlar institutining Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi ma’lum qildi.
Laboratoriya ma’lumotlariga ko‘ra, 5 iyul kuni Moskva vaqti bilan soat 00:00 dan 23:59 gacha Quyoshda C va undan yuqori toifadagi jami 26 ta chaqnash kuzatilgan. Butunjahon vaqti hisobida esa shu davrda 24 ta chaqnash ro‘yxatga olingan. Mutaxassislar bu ko‘rsatkich oxirgi ikki yil ichidagi eng yuqori natija ekanini ta’kidlamoqda.
Olimlarning qayd etishicha, Quyosh yuzasidagi dog‘lar guruhlari, jumladan, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik 4478-sonli dog‘ ham g‘arb tomonga siljib bormoqda. U 7 iyul kuni Quyoshning Yerdan ko‘rinmaydigan qismiga o‘tishi kutilmoqda. Agar mazkur dog‘lar keyingi ikki hafta davomida saqlanib qolsa, iyul oyining ikkinchi yarmida yana Yer tomonga qaytishi mumkin. Biroq mutaxassislar bu ehtimol ancha past ekanini bildirmoqda.
Laboratoriya ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir hafta davomida o‘n barobarga oshgan rentgen nurlari oqimi endi asta-sekin pasayishni boshlaydi. Agar Quyoshda yangi faol hududlar paydo bo‘lmasa, hafta o‘rtalariga kelib uning faolligi yana nisbatan sokin, ya’ni «uyqu» rejimiga qaytishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…