Fransiya muzeyidan 4 million yevrolik taqinchoqlar o‘g‘irlab ketildi

Fransiyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan Lalique muzeyida yirik va shov-shuvli o‘g‘irlik sodir etildi. Noma’lum shaxslar muzey hududiga bostirib kirib, umumiy qiymati qariyb 4 million yevroga baholanayotgan qimmatbaho zargarlik buyumlarini o‘g‘irlab ketdi. Bu haqda France 24 nashri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 6 iyulga o‘tar kechasi Vingen-sur-Moder shahrida joylashgan muzeyda sodir bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyatchilar tonggi soat 05:30 atrofida binoga kirib, to‘g‘ridan to‘g‘ri eng qimmatbaho zargarlik buyumlari saqlanadigan ekspozitsiya zaliga yo‘l olgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, muzeydan 20 ga yaqin noyob zargarlik buyumi olib chiqib ketilgan. Hozirda yetkazilgan moddiy zarar aniq baholanmoqda, ammo mutaxassislar uning qiymati bir necha million yevro, ehtimol 4 million yevroga yaqin ekanini ta’kidlamoqda.

Hodisadan so‘ng muzey ma’muriyati muassasa xavfsizligini ta’minlash va tekshiruv ishlarini o‘tkazish maqsadida uni bir necha kunga yopish haqida qaror qabul qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘irlik vaqtida xavfsizlik signalizatsiyasi ishga tushgan. Biroq hudud tekshirib chiqilganida voqea joyiga birinchi bo‘lib muzeyning farroshi yetib kelgan va u darhol politsiyaga xabar bergan.
Ayni vaqtda huquq-tartibot idoralari kuzatuv kameralari tasvirlarini sinchiklab o‘rganmoqda. Tergovchilar jinoyatchilarning shaxsini aniqlash, ularning harakat yo‘nalishi hamda o‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlarni topish bo‘yicha keng ko‘lamli surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.






























Izohlar 0
…