Isroil qamoqxonasidagi mahbus surati shov-shuvga sabab bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda qo‘li, ko‘zi va tanasi bog‘langan holda karavotga yuztuban yotqizilgan g‘azolik erkakning surati keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Katta rezonans uyg‘otgan ushbu surat yuzasidan Isroil armiyasi bayonot berib, tasvir haqiqiy ekanini tasdiqladi hamda holat bo‘yicha ichki surishtiruv boshlanganini ma’lum qildi.
Harbiylar bunday munosabat armiyaning ichki qoidalari va qadriyatlariga mos kelmasligini bildirgan. Biroq ular suratdagi shaxsning kimligi, qayerda saqlanayotgani yoki voqea tafsilotlari haqida qo‘shimcha ma’lumot bermadi. Ma’lum qilinishicha, surat dastlab Instagram'da ibroniy tilidagi “Xayrli tong” yozuvi bilan e’lon qilingan, oradan ko‘p o‘tmay ushbu akkaunt o‘chirib tashlangan.
Oradan vaqt o‘tib, g‘azolik Abu Nassar suratdagi erkak uning o‘g‘li Usama ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lini tanasidagi chandiqlar va shishlar orqali tanib olgan.
Oila a’zolarining ma’lum qilishicha, Usama joriy yilning mart oyida Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh davrida “Sariq chiziq” yaqinida 1,5 yoshli farzandi bilan birga qo‘lga olingan. Kichik yoshdagi bola o‘sha kunning o‘zida ozod etilgan, biroq yaqinlari uning oyoqlarida kuyishga o‘xshash izlar bo‘lganini iddao qilmoqda.

Isroil armiyasi esa bu ayblovlarni rad etdi. Rasmiy bayonotda qayd etilishicha, bolaning oyog‘idagi jarohatlar sigaret tufayli emas, balki Usamani to‘xtatish maqsadida otilgan ogohlantiruvchi o‘qlar oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.































Izohlar 0
…