1000 metrlik jarlik uzra “G‘arbga sayohat” multfilmi sahnasi jonlantirildi

Xitoyning Guansi viloyatidagi Beydi tog‘i sayyohlik majmuasida tomoshabinlar hayratlanarli tomoshaga guvoh bo‘lishdi. Professional akrobatlar mashhur “G‘arbga sayohat” (Journey to the West) asaridagi qahramonlar obrazida ming metr balandlikdagi jarlik ustiga tortilgan arqon bo‘ylab chiqish namoyish etdi.
Sahna ko‘rinishida Tan sulolasi rohibi Syuantszan va uning uch nafar shogirdi gavdalantirildi. Akrobatlar baland jarlik uzra muvozanatni saqlagan holda harakatlanib, tomoshabinlarga unutilmas taassurot ulashdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar qisqa vaqt ichida millionlab tomoshalarni to‘pladi. Ko‘plab foydalanuvchilar ushbu lavhalarni sun’iy intellekt yordamida yaratilgan deb o‘ylagan bo‘lsa, boshqalar buni akrobatlarning yuksak mahorati va jasoratining yorqin namunasi sifatida baholadi.
Biroq Beydi tog‘i ma’muriyati namoyish mutlaqo haqiqiy ekanini tasdiqladi. Ularning ma’lum qilishicha, spektakl professional artistlar tomonidan har kuni to‘rt mahal namoyish etiladi. Xavfsizlik talablaridan kelib chiqib, oddiy sayyohlarning ushbu chiqishda ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi.
Mazkur shou bugungi kunda Xitoydagi eng noodatiy va tomoshabop sayyohlik dasturlaridan biri sifatida katta qiziqish uyg‘otmoqda.






























Izohlar 0
…