Rossiyaga hujum qilgan dronlar Qozog‘istondan uchirildimi?

Rossiyaga hujum qilgan dronlar Qozog‘istondan uchirildimi?

Rossiyaning Omsk viloyatiga dronlar hujumi ortidan ular Qozog‘iston hududidan uchirilgani haqidagi xabarlar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Biroq Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi bu da’volarni qat’iy rad etib, ularni hech qanday dalil bilan tasdiqlanmagan asossiz iddaolar deb atadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Omsk viloyatiga qilingan hujumdan keyin ayrim Rossiya ommaviy axborot vositalari va ekspertlari dronlar Qozog‘iston hududidan parvoz qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Bunday mulohazalar asosan Omsk viloyatining Qozog‘iston bilan chegaradosh ekaniga tayangan holda bildirilgan.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi esa ushbu ma’lumotlarga munosabat bildirib, tarqatilayotgan iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va hech qanday ishonchli dalillar bilan isbotlanmaganini ma’lum qildi.

Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, bunday xabarlar Qozog‘iston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik hamda an’anaviy do‘stona munosabatlarga putur yetkazishga qaratilgan asossiz urinish sifatida baholanmoqda.

Rasmiy Ostona mamlakat tashqi siyosati yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillari asosida yuritilishini yana bir bor eslatdi. Shuningdek, Qozog‘iston xalqaro huquq normalari va xavfsizlikka oid xalqaro majburiyatlarga qat’iy amal qilishi qayd etildi.

Bayonotda, shuningdek, Qozog‘iston o‘z hududi, havo makoni yoki infratuzilmasidan boshqa davlatlarga qarshi harbiy harakatlarni amalga oshirish uchun foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi alohida urg‘ulandi.

Yakunda Tashqi ishlar vazirligi ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillarini faqat rasman tasdiqlangan ma’lumotlarga tayanishga hamda tekshirilmagan axborotlarni tarqatmaslikka chaqirdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar