Radarlardan g‘oyib bo‘lgan samolyotning qoldiqlari dengizdan topildi

Radarlardan g‘oyib bo‘lgan samolyotning qoldiqlari dengizdan topildi

Pokiston hukumati 7 iyul kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahridan Karachiga parvoz qilayotgan va yo‘lda radarlardan g‘oyib bo‘lgan Boeing 737-400 rusumli yuk samolyotining qoldiqlari topilganini ma’lum qildi. Bu haqda Flightradar24 aloqa direktori Yan Petchenik xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, K2 Airways aviakompaniyasiga tegishli havo kemasining qoldiqlari Arabiston dengizida, Ormara shahridan taxminan 98 kilometr janubda aniqlangan. Ayni vaqtda qidiruv-qutqaruv xizmatlari ekipaj a’zolarini izlash ishlarini davom ettirmoqda. Samolyot bortida ikki nafar uchuvchi, ikki bort muhandisi hamda bir texnik xizmat xodimi bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot Karachi port shahridan taxminan 250 kilometr g‘arbda, Arabiston dengizi ustida radarlardan yo‘qolgan. Pokiston aeroportlari boshqarmasi bildirishicha, radar tizimlari havo kemasi qisqa vaqt ichida keskin balandlik yo‘qotganini va parvoz yo‘nalishini o‘zgartirganini qayd etgan. Bundan bir necha daqiqa oldin esa uchuvchi navigatsiya tizimida yuzaga kelgan muammolar haqida dispetcherlarga xabar bergan.

Flightradar24 parvozlarni kuzatish xizmatiga ko‘ra, ADS-B texnologiyasi orqali olingan dastlabki ma’lumotlar samolyot bilan halokat yuz bergan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif halokat munosabati bilan ekipaj a’zolarining oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirdi. Qidiruv-qutqaruv ishlarini Pakistan Airports Authority davlat agentligi muvofiqlashtirmoqda. K2 Airways aviakompaniyasi esa barcha favqulodda xizmatlar bilan yaqin hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, ushbu Boeing 737-400 samolyoti dastlab yo‘lovchi tashish uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, 1999 yilda Aeroflot aviakompaniyasi parkiga qo‘shilgan. Keyinchalik, 2004 yilda Garuda Indonesia tarkibida xizmat qilgan. 2012 yilda esa yuk samolyotiga qayta jihozlanib, avval TNT Airways, keyinroq ASL Airlines tomonidan ekspluatatsiya qilingan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar