45 yoshli cho‘pon sher changalidan 30 daqiqadan so‘ng tirik chiqdi

Hindistonning Gujarat shtatida sodir bo‘lgan noodatiy voqea jamoatchilikni hayratga soldi. Sher hujumiga uchragan 45 yoshli cho‘pon qariyb 30 daqiqa davomida yirtqich changalidan tirik qolishga muvaffaq bo‘ldi. Eng qizig‘i, u vahimaga berilmasdan o‘zini bosiq tutgani tufayli hayotini saqlab qolgan. Bu haqda The Times of India xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Gujarat shtatining Palitana hududida joylashgan Garajiya qishlog‘ida yuz bergan. 45 yoshli Kalu Parmar ertalab sigirlarini o‘tlatish uchun chiqqan paytda to‘satdan sher hujumiga uchragan. Yirtqich uni yerga yiqitib, tanasi ustida qariyb yarim soat davomida ushlab turgan.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, sher bir necha marta cho‘ponning harakatlanishini kuzatgan, biroq Kalu Parmar sarosimaga tushmasdan mutlaqo jim yotgan. Ayrim ma’lumotlarda esa u hayvonni tinchlantirish maqsadida hatto uni silagani ham aytilmoqda. Shu vaqt davomida atrofdagi odamlar sherni qo‘rqitish uchun baqirib, unga toshlar otgan.
«Men sigirimni bog‘lab, hovlida turgan edim. Uyga kirish uchun burilishim bilan orqamdan nimadir qattiq urildi. Nima bo‘lganini anglashga ulgurmay yerga yiqildim. Bu sher ekanini tushunishim uchun bir necha soniya kerak bo‘ldi», — deydi Kalu Parmar.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda sherning yerda yotgan cho‘ponni bosib turganini ko‘rish mumkin. Keyinchalik mahalliy aholi va qutqaruvchilarning harakatlari natijasida erkak qutqarib olingan va shifoxonaga yetkazilgan. Uning tanasida turli jarohatlar aniqlangan bo‘lsa-da, shifokorlar uning hayoti xavfdan chiqqani va ahvoli barqaror ekanini ma’lum qildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda mazkur hududda odamlar va Osiyo sherlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar soni oshib bormoqda. Hozirda rasmiy idoralar ushbu hodisa yuzasidan tekshiruv ishlarini davom ettirmoqda.






























Izohlar 0
…