Buxoroda o‘ldirilgan hindistonlik talaba ishi Hindistonda ham ochildi

Buxoro shahrida halok bo‘lgan 22 yoshli hindistonlik talabaning o‘limi xalqaro darajada ham huquqiy jarayonga aylandi. Hindistonning Kerala shtati politsiyasi mazkur voqea yuzasidan qasddan odam o‘ldirish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ish marhumaning ota-onasi arizasi asosida Alappuja tumani Haripad politsiya bo‘limida rasman ro‘yxatga olingan. Shu bilan birga, Keralada sud-tibbiy ekspertiza ham tashkil etilgan.
Kerala politsiyasi vakillarining bildirishicha, jinoyat O‘zbekiston hududida sodir etilgan bo‘lsa-da, amaldagi qonunchilik xalqaro huquqiy tartib asosida Hindistonda ham ish ochish imkonini beradi. Agar O‘zbekistonda gumonlanuvchi qonun oldida javobgarlikka tortilsa, ish tugatiladi. Aks holda, tergov Hindiston tomonidan davom ettirilishi mumkin.
Buning uchun Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Tashqi ishlar vazirligi orqali O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, gumonlanuvchining hibsga olingani haqidagi ma’lumotlar ham o‘rganilmoqda.
Marhumaning yaqinlari esa tergovning faqat O‘zbekiston bilan cheklanib qolmasligini istamoqda. Ular ish Keralada ham to‘liq o‘rganilishi va asosiy gumonlanuvchi xalqaro huquqiy mexanizmlar orqali Hindistonga ekstraditsiya qilinishi masalasi ko‘rib chiqilishini talab qilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fojiaga qizning kursdoshi gumon qilinmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, ikki talaba o‘rtasida chiqqan janjal vaqtida yigit noutbuk bilan qizning bosh qismiga zarba bergan va bu halokatga sabab bo‘lgan.
Biroq marhumaning oilasi voqea rasmiy ma’lumotlarda keltirilganidan ancha og‘ir bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ularning aytishicha, jasad O‘zbekistondan olib kelinganida tanasida ko‘plab jarohat izlari aniqlangan. Yaqinlarining ma’lum qilishicha, tergov davomida marhuma o‘limidan oldin zo‘ravonlikka uchragani haqida ham ayrim ma’lumotlar berilgan.
Oila vakillari qizning o‘limiga faqat bitta zarba emas, balki unga nisbatan avval sodir etilgan zo‘ravonliklar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ilgari surmoqda. Shu bois ular O‘zbekistondagi tergov natijalarini diqqat bilan kuzatayotganini bildirgan.
Ayni vaqtda O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari mazkur jinoyat ishi bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy ma’lumot e’lon qilgani yo‘q.






























Izohlar 0
…