Angliya va Argentina oʻrtasidagi yarim final bahsini Lionel Messi uchun «omadli» hakam boshqaradi

FIFA rasmiy ravishda Jaxon chempionati yarim finalidan oʻrin olgan Angliya va Argentina terma jamoalari oʻrtasidagi markaziy uchrashuvga hakamlar brigadasini tayinladi. Atlanta shahrida boʻlib oʻtadigan ushbu murosasiz bahsni amerikalik tajribali hakam Ismail Elfath boshqarib boradigan boʻldi. Mazkur tayinlov futbol jamoatchiligi orasida katta qiziqish uygʻotmoqda, sababi Elfath Lionel Messi uchun oʻziga xos «omad keltiruvchi» hakam hisoblanadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com nashri xabariga koʻra, 44 yoshli MLS hakami boshqargan barcha beshta uchrashuvda Lionel Messi jamoalari 100 foizlik gʻalaba koʻrsatkichini qayd etgan. Bu seriya Inter Miami klubining 2023-yilgi Ligalar kubogi finalidagi dramatik gʻalabasini ham oʻz ichiga oladi. Tomas Tuxel boshchiligidagi «uch sherlar» amaldagi jahon chempionlariga qarshi maydonga tushar ekan, hakam bilan bogʻliq ushbu statistika ingliz muxlislarida biroz xavotir uygʻotishi tabiiy.
Tajriba va qatʼiy intizom
Ismail Elfathga qanotlarda hamyurtlari Corey Parker va Kyle Atkins yordam berishadi. Toʻrtinchi hakam vazifasini esa italiyalik Maurizio Mariani bajaradi. Taʼkidlash joizki, ushbu tayinlov FIFA qoidalariga koʻra manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish maqsadida ingliz hakamlari Michael Oliver va Anthony Taylor, shuningdek, argentinalik Facundo Tello uchun final eshiklarini yopdi.Elfath yirik turnirlarda katta tajribaga ega. U Qatarda oʻtgan 2022-yilgi jahon chempionati finalida (Argentina va Fransiya oʻrtasida) toʻrtinchi hakam sifatida ishlagan edi. Biroq uning faoliyati yaqin orada yakunlanishi ham mumkin edi: 2024-yilgi Amerika kubogi vaqtida olgan ogʻir tizza jarohati sababli u ikki marta jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi va bir yildan ortiq vaqt davomida maydondan tashqarida qoldi.
Qiyinchiliklardan yuksaklikka
Hakamning hayot yoʻli ham diqqatga sazovor. U 18 yoshida Kasablankadan (Marokash) AQSHning Texas shtatiga bor-yoʻgʻi 200 dollar bilan koʻchib kelgan. Avvaliga futbolchi sifatida faoliyat yuritgan Elfath, mahalliy hakamlik darajasidan norozi boʻlib, 2011-yildan boshlab oʻzi hushtak boshqarishga qaror qilgan. Bugungi kunda u MLSning ikki karra eng yaxshi hakami unvoniga ega.Angliya va Argentina oʻrtasidagi tarixiy va siyosiy raqobat uchrashuvning oʻta keskin oʻtishini taʼminlaydi. Elfath ushbu turnir davomida allaqachon 8 ta sariq va bitta toʻgʻridan-toʻgʻri qizil kartochka koʻrsatib ulgurdi. Mazkur yarim final hakam uchun ham oʻziga xos imtihon boʻladi — FIFA rahbariyati aynan ushbu oʻyindan soʻng final uchrashuvini kimga topshirish masalasida yakuniy qarorga keladi.






























Izohlar 0
…