Maktab ekskursiyasi fojiaga aylandi: 20 nafar bola halok bo‘ldi

Ugandaning sharqiy hududida sodir bo‘lgan dahshatli yo‘l-transport hodisasi oqibatida o‘nlab o‘quvchilarning umriga zomin bo‘ldi. Maktab ekskursiyasidan qaytayotgan avtobus ag‘darilishi natijasida 21 kishi, jumladan, 20 nafar bola halok bo‘ldi. Yana 28 nafardan ortiq o‘quvchi turli darajada jarohat olgan.
Fojia Kapchorva okrugidagi Chekvatit qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, Kampala shahridagi Qirol Devid nomidagi boshlang‘ich maktab o‘quvchilari Sipi sharsharalariga uyushtirilgan sayohatdan qaytib kelayotgan vaqtda avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, transport vositasi yo‘ldan chiqib ketgan, katta toshga kelib urilgan va shundan so‘ng ag‘darilib ketgan. Oqibatda avtobus ichidagi ko‘plab yo‘lovchilar og‘ir tan jarohatlari olgan.

Fojia natijasida 20 nafar o‘quvchi bilan bir qatorda maktabning asoschisi va rahbari ham vafot etgan. Jarohatlangan bolalar hamda uch nafar katta yoshli shaxs shoshilinch ravishda yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilgan. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, kamida to‘qqiz nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘ir.
Mahalliy tibbiyot xodimlari ayrim yaradorlarga hodisa joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan.
Yuz bergan fojiadan so‘ng Uganda hukumati mamlakat bo‘ylab maktab ekskursiyalari va o‘quvchilar ishtirokidagi jamoaviy safarlarni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Rasmiylarga ko‘ra, mazkur cheklov o‘quvchilar xavfsizligiga oid talablar qayta ko‘rib chiqilgunga qadar amal qiladi.
Shuningdek, hukumat maktab avtobuslarining texnik holatini tekshirish, o‘quvchilarni tashuvchi haydovchilar uchun xavfsizlik talablarini kuchaytirish hamda fojia sabablarini atroflicha o‘rganish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni boshlagan.
Hozirda politsiya avtobusning texnik holati, haydovchining harakatlari va halokatga olib kelgan boshqa omillar yuzasidan tergov harakatlarini davom ettirmoqda.






























Izohlar 0
…