7,4 magnitudali zilzila Meksikani titratdi, sunami xavfi e’lon qilindi

7,4 magnitudali zilzila Meksikani titratdi, sunami xavfi e’lon qilindi

Meksikaning Tinch okeani sohillariga yaqin hududida 7,4 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Yer silkinishi ortidan sunami xavfi haqida rasmiy ogohlantirish berilgan bo‘lsa-da, vaziyat baholangandan so‘ng u bekor qilindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, zilzila 17 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 08:48 da Chyapas shtatidagi Puerto-Madero porti atrofida, Gvatemala chegarasiga yaqin hududda qayd etildi. Yer osti silkinishining epitsentri aholi yashash punktidan taxminan 10 kilometr shimolda joylashgan.

Meksika Milliy seysmologiya markazi asosiy zilziladan keyin 5,2 magnitudali takroriy yer silkinishi ham kuzatilganini ma’lum qildi.

Hodisadan so‘ng AQSH Milliy okean va atmosfera boshqarmasi epitsentrdan 300 kilometrgacha bo‘lgan qirg‘oq hududlari uchun sunami xavfi haqida ogohlantirish e’lon qildi. Biroq mutaxassislar vaziyatni qayta baholagandan so‘ng taxminan bir soat o‘tib ushbu ogohlantirish rasman bekor qilindi.

Zilziladan keyin Meksika hukumati qutqaruv xizmatlari, xavfsizlik kuchlari va fuqaro muhofazasi bo‘linmalarini hududga safarbar qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hozircha halok bo‘lganlar, jabrlanganlar yoki yirik vayronagarchiliklar qayd etilmagan.

Mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari vaziri Raymundo Pedro Morales Anxeles ayrim qirg‘oq hududlarida dengiz sathi yarim metrgacha ko‘tarilishi mumkinligini bildirib, fuqarolarni ehtiyot chorasi sifatida sohillardan vaqtincha uzoqroq turishga chaqirdi.

Shu bilan birga, Chyapas shtatining epitsentrga yaqin ayrim aholi punktlarida profilaktik maqsadda evakuatsiya ishlari amalga oshirildi. Rasmiylar ta’kidlashicha, mamlakatning janubi-sharqiy qismida jiddiy zarar yoki keng ko‘lamli favqulodda holatlar kuzatilmagan.

Ayni paytda mutaxassislar vaziyatni doimiy nazorat qilib, ehtimoliy takroriy silkinishlar bo‘yicha monitoring ishlarini davom ettirmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar