Olimlar hayot bo‘lishi mumkin yana bir sayyorani aniqladi

Quyosh tizimidan tashqarida hayot izlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar yana bir muhim natijani taqdim etdi. Olimlar Yerdan taxminan 25 yorug‘lik yili uzoqlikda, Jiraf (Kamelopardalis) yulduz turkumida joylashgan GJ 3378b sayyorasi yerdan tashqaridagi hayot uchun eng istiqbolli nomzodlardan biri bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Yangi tadqiqot natijalari The Astrophysical Journal ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Kaliforniya universiteti (Irvayn) olimlarining ta’kidlashicha, mazkur sayyora o‘z yulduzidan Yer Quyoshdan oladigan issiqlik va radiatsiya miqdorining taxminan 90 foizini qabul qiladi. Bu esa uning yashash uchun qulay hudud — ya’ni suyuq suv saqlanishi mumkin bo‘lgan «hayot zonasi»da joylashganini anglatadi. Mutaxassislar fikricha, aynan suyuq suvning mavjud bo‘lishi hayot shakllanishi uchun eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
Biroq hozirgi texnologiyalar bilan insoniyat ushbu sayyoraga yetib borish imkoniyatiga ega emas. Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar inson Apollo-10 kosmik kemasining taxminan 11,1 km/s tezligida harakatlansa ham, GJ 3378b'gacha bo‘lgan parvoz qariyb 675 ming yil davom etgan bo‘lardi.
Dastlab ushbu osmon jismi gaz giganti deb baholangan edi. 2024 yilda kashf etilganidan keyin fransuz olimlari uning massasi Yer massasidan taxminan 5,26 baravar katta ekanini aniqlab, uni zich vodorod atmosferasiga ega bo‘lgan «mini-Neptun» turidagi sayyora sifatida tasniflagan. Bunday atmosfera esa suyuq suv mavjud bo‘lish ehtimolini kamaytiradi, deb hisoblangan.
Hozirda olimlarni eng ko‘p qiziqtirayotgan masala — GJ 3378b o‘z yulduzidan keladigan kuchli radiatsiya va zarrachalar oqimi ta’siriga qaramay atmosferasini saqlab qolganmi yoki yo‘qmi, degan savoldir. Afsuski, buni hozircha bevosita tekshirish imkoni mavjud emas. Chunki Yerdan kuzatilganda sayyora o‘z yulduzi oldidan o‘tmaydi va shu sababli James Webb kosmik teleskopi uning atmosferasini tahlil qila olmaydi.
Mutaxassislar fikricha, GJ 3378b haqida yanada aniq ma’lumotlar olish va ehtimoliy hayot izlarini o‘rganish imkoni kelajakda paydo bo‘ladi. Xususan, NASA 2040-yillarda ishga tushirishni rejalashtirayotgan Habitable Worlds Observatory kabi yangi avlod kosmik rasadxonalari bu kabi sayyoralarni chuqurroq tadqiq qilish imkoniyatini taqdim etishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…